Inson huquqlari bo‘yicha vakil (Ombudsman)ga Xalq banki Sirdaryo viloyati filialida ishlagan fuqaro D.E. ishdan noqonuniy bo‘shatilgani bo‘yicha murojaat qildi.

Ombudsmanning Sirdaryo viloyatidagi mintaqaviy vakili murojaatni nazoratga olib, o‘rganish olib bordi. Aniqlanishicha,  fuqaro D.E. bankda 2012 yildan buyon kassir lavozimida ishlab kelgan. 2022 yil sentyabrdan bola parvarishlash ta’tiliga ketgan xodim lavozimiga o‘tkazilgan. Shu yili o‘sha xodimning ta’tildan qaytishi vaji bilan u ishdan bo‘shatilgan.

Fuqaro D.E.ning ish beruvchi va qator tegishli tashkilotlarga  ishga tiklash bo‘yicha murojaatlari samara bermagan.

O‘rganish natijasida fuqaroning mehnat huquqlari buzilgani aniqlandi va qonunbuzilish holatlari asoslantirilgan holda Xalq banki boshqaruvi raisiga Ombudsman taqdimnomasi kiritildi.

Natijada fuqaro D.E. kassir lavozimiga ishga tiklandi.

Ombudsman axborot xizmatidan ma’lum qilishlaricha, 2023 yil birinchi yarmida Ombudsmanga 7 mingdan ortiq murojaat kelib tushgan. Ularning 27,1 foizi fuqarolarning shaxsiy huquq va erkinliklari, 28,7 foizi ijtimoiy huquqlar, 31,4 foizi iqtisodiy huquqlar, 10,8 foizi fuqarolarning murojaat etish va 1,9 foizi ekologik huquqlarga oid bo‘lgan.

30 nafarga yaqin fuqaro asossiz ishdan bo‘shatilgani aniqlanib, ularning ishga tiklanishiga erishilgan. Inson huquq va erkinliklari buzilgani sababli 6 holatda ish beruvchi ma’muriy javobgarlikka tortilgan.

Ombudsman tomonidan hisobot davrida davlat organlari va tashkilotlar mansabdor shaxslariga ta’sir choralari shaklidagi 76 hujjat kiritgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan ikki barobarga oshgan.

 

N.Abduraimova,  

O‘zA