Bugun Yangi O‘zbekiston strategiyasi xalqaro jamoatchilik tomonidan keng e’tirof etilayotgani barchamiz uchun quvonarli, albatta. Nazarimizda buning eng muhim ikki sababi bor.
Birinchidan, mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan “Inson qadri uchun” tamoyili hayotga tadbiq etilmoqda, fuqarolarimiz konstitutsiyaviy huquqi va erkinligini ta’minlash davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan.
Ikkinchidan, O‘zbekiston ochiq va pragmatik faol tashqi siyosat yuritmoqda.
Sir emas, davlatimiz rahbari tomonidan mintaqa mamlakatlari bilan yaqin do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatini yanada kuchaytirish asosiy maqsad etib belgilangan.
Jumladan, umumiy tarix, madaniy va ma’naviy qadriyatga ega O‘zbekiston va Qozog‘iston xalqlari o‘rtasidagi aloqalar yangi bosqichga chiqdi.
O‘tgan yil Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart Toqayevning respublikamizga davlat tashrifi natijasida ikki tomonlama munosabat sifat jixatdan yangi – strategik sheriklik va ittifoqchilik darajasiga ko‘tarildi.
O‘zbekiston va Qozog‘iston haqiqiy hamkorlar sifatida xalqaro siyosatda bir-birini qo‘llab-quvvatlayotgani ham ko‘p davlatlar e’tiboridan chetda qolmayapti. Mamlakatlarimizning BMT, SHHT, MDH, Islom hamkorlik tashkiloti, Turkiy davlatlar tashkiloti singari xalqaro tuzilmalar doirasida samarali hamkorlik qilayotgani mintaqa miqyosida ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Davlat rahbarlarining o‘zaro munosabati va yaqin hamkorligi, xususan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi va Qozog‘iston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi o‘rtasidagi yaqin hamkorlikka ham poydevor bo‘lmoqda, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Ta’kidlash joiz, har ikki davlat konstitutsiyaviy nazorat organlari munosabatini yanada rivojlantirishdan ko‘zlangan asosiy maqsad, avvalo, davlat suvereniteti tamoyiliga asoslangan holda, Konstitutsiyaning ustuvorligi va bevosita ijrosini ta’minlash, inson va fuqarolar huquqi, erkinligini himoya qilishda o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishdan iborat.
Shuningdek, konstitutsiyaviy nazoratni samarali amalga oshirishga ko‘maklashish, qo‘shma dastur, tadbirlarni amalga oshirish va ishlab chiqish, har ikki davlatning amaldagi konstitutsiyaviy qonunchiligini o‘rganish, kelishuv asosida amaliyotni o‘rganish orqali Konstitutsiyaviy sudlar hamkorligini chuqurlashtirish uchun asos yaratishga hissa qo‘shishdir.
Yuqoridagilarni inobatga olib, Qozog‘iston Konstitutsiyaviy sudi taklifiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi sudyasi A.Rahimov, katta eksperti Sh.Isaqulov boshchiligidagi delegatsiya joriy yil 23-26 avgust kunlari Astana shahrida bo‘lib qaytdi.
Xizmat safari davomida vakillarimiz “Konstitutsiyaning ustunligi – davlat suvereniteti, barqaror rivojlanish, qonuniylik va huquq-tartibot, inson huquqlari himoyasi asosidir” mavzusidagi Yevrosiyo konstitutsiyaviy nazorat organlari assotsiatsiyasi birinchi Kongressida ishtirok etdi.
Mazkur assosatsiyaga a’zo davlatlar konstitutsiyaviy nazorat institutlari vakillari, shuningdek Qozog‘iston parlamenti yuqori va quyi palatasi a’zolari, huquq sohasi olimlari – jami 60 dan ziyod delegat qatnashgan ushbu xalqaro tadbir onlayn va oflayn shaklda o‘tdi.
1997 yil tashkil topgan, ilgari “Yangi demokratiya mamlakatlari konstitutsiyaviy nazorat organlari konferensiyasi” deb nomlangan Yevrosiyo konstitutsiyaviy nazorat organlari assotsiatsiyasi umume’tirof etilgan konstitutsiyaviy qadriyatlarni targ‘ib qilish, Konstitutsiya ustunligini ta’minlash bo‘yicha doimiy muloqot va tajriba almashish maqsadida faoliyat olib boradi. Tuzilmaga Armaniston, Belarus, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Mo‘g‘uliston, Rossiya, Tojikiston va O‘zbekiston konstitutsiyaviy nazorat organlari a’zo.
Bugungi kunda Qozog‘iston assotsiatsiya Kongressiga raislik qilmoqda.
Tadbirning rasmiy ochilish marosimida Qozog‘iston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi raisi Elvira Azimova mezbon tashkilotning faoliyati, kelajak rejalari haqida ma’lumot berdi.
Kongressda mamlakatimiz delegatsiyasi a’zolari “Konstitutsiya ustuvorligini ta’minlashda Konstitutsiyaviy sudning roli” haqidagi ma’ruza bilan ishtirok etib, tadbir ishtirokchilariga joriy yil 30 aprel kuni bo‘lib o‘tgan Referendumda xalqimiz yangi tahrirdagi Konstitutsiyasini qabul qilgani, Yangi O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlar, xalqni rozi qilish, inson qadrini ulug‘lash, ochiq demokratik davlat barpo etish va davlat qurilishida inson – jamiyat – davlat tamoyili islohotlarning bosh mezoni ekani, shuningdek, “Kuch – adolatda” shiori davlat boshqaruvi sohasida ustuvor tamoyilga aylangani, Prezident Shavkat Mirziyoyev “…xalqimiz hamma narsadan ustun qo‘yadigan adolatni hayotimizda tom ma’noda qaror toptirish eng asosiy vazifamizga aylanishi shart” degan tamoyilga qat’iy rioya etib, davlatni boshqarayotgani xususida so‘zlab berdilar.
Anjumanning biz uchun yana bir quvonarli jihati shunda bo‘ldiki, barcha ishtirokchilar yurtimizagi konstitutsiyaviy o‘zgarishlarni qo‘llab-quvvatlashi, 2023 yil 9 iyulda bo‘lib o‘tgan Prezident saylovini diqqat bilan kuzatgani, kelgusida islohotlar mamlakatdagi demokratik jarayonni yanada yuqori pog‘onaga olib chiqishiga ishonishlarini mamnuniyat bilan e’tirof etishdi.
Tomonlar barqaror rivojlanishning huquqiy asosini takomillashtirish, konstitutsiyaviy adolat va qonun ustuvorligiga innovatsion yondashuv, konstitutsiyaviy nazorat institutini rivojlantirish, zarur bo‘lganda mavjud muammolarni birgalikda o‘rganish, ilg‘or tajribalarni o‘zaro almashishga kelishib olishdi.
O‘zbekistonliklar uchun Qozog‘iston Konstitutsiyaviy sudi faoliyati bilan yaqindan tanishish ayni muddao bo‘ldi. Zero, Prezidentimiz Konstitutsiyaviy sud oldiga muhim vazifa qilib qo‘ygan, inson va fuqarolar konstitutsiyaviy huquqini munosib himoya qilishga qaratilgan siyosatni hayotga tatbiq etishda xalqaro amaliyotni o‘rganish har doimgidan ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.
O‘z navbatida qozog‘istonlik hamkorlar joriy qilingan konstitutsiyaviy nazorat institutiga oid yangiliklarning afzalligi, yutuqlar va kamchiliklar haqida batafsil ma’lumot berishdi.
Mamlakatimiz delegatsiyasining Qozog‘iston Konstitutsiyaviy sudi faoliyatini o‘rganish yakuniga bag‘ishlangan axboroti sudyalar va devon xodimlari ishtirokida atroflicha muhokama qilindi.
Qayd etildiki, Qozog‘iston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudida fuqarolarning Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish huquqi, ya’ni konstitutsiyaviy shikoyat instituti bo‘yicha ijobiy tajriba to‘plangan.
Yuqoridagilarni inobatga olib, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi tomonidan kelgusida Germaniya, Vengriya, Turkiya va qo‘shni respublikalar Konstitutsiyaviy sudlari faoliyatini yaqindan o‘rganish rejalashtirilgan.
Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad Yangi O‘zbekiston strategiyasida ilgari surilgan inson huquqi va erkinligiga oid xalqaro standartlarni ta’minlashda, jismoniy va yuridik shaxslar konstitutsiyaviy shikoyat institutini hayotga tatbiq etishda Konstitutsiyaviy sudning roli va o‘rnini oshirish, mamlakatda konstitutsiyaviy nazorat institutini yanada takomillashtirish orqali inson huquqi va erkinligini munosib himoya qilishda Konstitutsiyaviy sud oldiga qo‘yilgan vazifalarni samarali bajarilishini ta’minlashdir.
Ma’lumki, Konstitutsiyaviy sudning xalqaro hamkorlik sohasida olib borayotgan faoliyati kelgusida Konstitutsiyaviy sudning huquqiy asosini yanada takomillashtirishga qaratilgan. Pirovardida Prezidentimizning “Inson qadri uchun” tamoyilini hayotga keng joriy qilish, eng muhimi inson va fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqi va erkinligini himoya qilishda Konstitutsiyaviy sudning rolini yanada oshirish maqsad qilingan.
Abdumannob RAHIMOV,
O‘zbekiston Respublikasi
Konstitutsiyaviy sudi sudyasi,
Sherbek ISAQULOV,
O‘zbekiston Respublikasi
Konstitutsiyaviy sudi
xalqaro aloqalar bo‘yicha
katta eksperti