O‘zbekiston delegatsiyasi rasmiy tashrif bilan Belarus Respublikasida bo‘lib turibdi.
Delegatsiya rahbari, Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva tashrif doirasida Belarus Bosh vaziri Roman Golovchenko bilan uchrashdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi do‘stlik va ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlari yangi darajaga ko‘tarilgani ta’kidlandi.
Savdo-iqtisodiy hamkorlik mustahkamlanmoqda. O‘zaro tovar ayirboshlash hajmi bir necha barobar ortib, 2022 yilda 500 million dollardan oshdi. Joriy yil boshidan beri bu ko‘rsatkich yana 37 foizga o‘sdi. O‘zaro tovar ayirboshlash hajmini bir milliard dollarga yetkazish uchun qonunchilik darajasida birgalikda amalga oshiriladigan ishlarni yo‘lga qo‘yish zarurligi qayd etildi.
Uchrashuvda iqtisodiyotning turli tarmoqlarida istiqbolli loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, hududlararo aloqalar va madaniy-gumanitar almashinuvni mustahkamlashdan ikki tomon ham manfaatdor ekani alohida qayd etildi.
Muloqot yakunida ayollarni tadbirkorlik va innovatsion faoliyatga, IT sohasiga, biotexnologiyaga faol jalb etish, ularni zamonaviy kasb-hunarlarga o‘rgatish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlarning qo‘shma rejasini ishlab chiqish va amalga oshirish masalasini ko‘rib chiqishga kelishib olindi.
***
Senat raisi Tanzila Norboyeva, shuningdek, M.Tanka nomidagi Belarus davlat pedagogika universitetida ushbu mamlakat ta’lim vaziri A.Ivanets va oliy ta’lim muassasasi rektori A.Juk bilan muloqot o‘tkazdi.
Suhbat davomida ikki mamlakat o‘rtasida ta’lim yo‘nalishida hamkorlikning bugungi holati va istiqbollariga e’tibor qaratildi.
Jumladan, pedagogik kadrlarni tayyorlash, hamkorlikda ta’lim jarayonlarini tashkil etish metodologiyasini ishlab chiqish, ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirish, inklyuziv ta’limni rivojlantirish kabi masalalar yuzasidan fikr almashildi.
Oliy ta’lim muassasalari bilan talabalar va professorlar akademik almashinuvi hamkorlikning samarali usullaridan biri ekanligi ta’kidlandi.
A.Juk Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatish niyatida ekanligini ma’lum qildi.
Muloqot yakunida ta’lim va fan sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash maqsadida qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga kelishib olindi.
N.Abduraimova, O‘zA