Rossiya Federatsiyasi Sverdlovsk viloyati Yekaterinburg shahrida qomusiy olim, bobokalonimiz Abu Rayhon Beruniy tavalludining 1050 yillik yubileyi keng nishonlandi.

Mazkur tadbir “Ural – O‘zbekiston” do‘stlik jamiyati vatandoshlar tashkiloti tomonidan Yekaterinburgdagi Millatlararo kutubxona bilan hamkorlikda tashkil etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi axborot xizmatiga ko‘ra, tadbir Yekaterinburg shahridagi “Do‘stlik” madaniyat saroyida o‘tkazildi. Unda allomaning kitoblari, hayoti va ijodiga oid materiallar, shuningdek, O‘zbekiston tarixi va adabiyotiga oid kitoblar ko‘rgazmasi tashkil etildi.

Ko‘rgazmadan so‘ng madaniyat saroyi katta zalida mahalliy aholi va o‘zbek san’atkorlari ishtirokida konsert dasturi taqdim etildi.

N.Usmonova, O‘zA