Dunyo mediasining nigohi 4 sentyabr kuni Sochiga qaratildi. Vladimir Putin va Turkiya rahbari Rejep Tayyip Erdog‘an uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Tomonlar bir qator masalalarni muhokama qilgan. Jumladan, uchrashuvning asosiy mavzularidan biri Ukraina donini Afrika va Yaqin Sharq mamlakatlariga tashishni qayta yo‘lga qo‘yish muhokama qilingan ammo  yakuniy matbuot anjumaniga ko‘ra, bu haqida aniq qarorga kelinmagan.

Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi don shartnomasi Turkiya va BMT vositachiligida 2022 yil iyul oyida tuzilgan edi. Kelishuv muddati 2023 yil 17 iyulda tugadi. Rossiya hukumati kelishuvning Moskvaga taalluqli qismlari bajarilmagani sababli u to‘xtatilganini e’lon qilgan. Shundan so‘ng Turkiya shartnomani qayta tiklash uchun asosiy gegemon davlat bo‘lib qolayotgan edi.

Undan tashqari Rossiya Federatsiyasi rahbari Ukraina masalasiga ham to‘xtalgan.

– Mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash mavzusi dolzarb, albatta, – dedi Rossiya yetakchisi uchrashuv boshida. – Ukraina inqirozi bilan bog‘liq vaziyatni ham e’tiborsiz qoldirmaymiz. Shuningdek, don bitimi masalasini ko‘tarish zarurligini bilamiz. Biz muzokara uchun ochiq. Shuningdek, u Turkiyada “Akkuyu AES” qurilishi rejaga muvofiq davom etayotgani, birinchi energiya majmuasi 2024 yil ishga tushishini ta’kidladi.

– Energetika sohasida ishonchli harakat qilyapmiz, asosiy yetkazib beruvchilar har ikki tomonning dvigatellari bo‘yicha kelishuvga erishildi, – deya qo‘shimcha qilgan Putin. – Umid qilamanki, yaqin kelajakda natijaga guvoh bo‘lamiz. O‘z navbatida Erdog‘an g‘alla masalasi muhimligini ta’kidlab, muzokara samarasini butun dunyo kutayotganini aytgan.

“O‘ylaymanki, rivojlanmagan Afrika mamlakatlari tomon qadam tashlash juda muhim”, dedi Turkiya rahbari. Ikki tomonlama munosabat haqida gapirar ekan, Moskva va Anqara “butunlay boshqa davrni” boshidan o‘tkazayotganini ta’kidladi.

O‘zaro tashqi savdo hajmi 62 milliard dollarni tashkil etganidan juda mamnunligini, endi esa 100 milliard dollarlik maqsad sari intilayotganini Turkiya rahbari qo‘shimcha qilgan.

Ikki davlat yetakchilari bundan salkam bir yil oldin, 2022 yilning oktyabr oyida Qozog‘istonning Ostona shahrida uchrashgan edi.

Sardorbek Poyonov, Iskandar Ismatov (video), O‘zA.