Jahonning qator yetakchi davlatlarida ta’limni rivojlantirish birinchi galdagi vazifa sifatida belgilangan. Chunki zamon talablarini ilg‘ay oladigan kadrlarni oliy ta’lim tizimi tayyorlab beradi.

Bugungi kunda respublikada jami 211 ta oliygoh faoliyat yuritmoqda va ularda taxminan 1 million 200 ming nafar talaba tahsil olishi ko‘zda tutilgan.

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi axborot xizmati rahbari Nazokat Abduqunduzova ma’lumotlariga ko‘ra, talabalarga 39 ming 533 nafar professor-o‘qituvchilar dars beradi. Oliygohlarning o‘rtacha ilmiy salohiyati 39,8 foizni tashkil etadi. 116 ta davlat oliy ta’lim muassasalariga 193 ming 761 nafar yoshlar birinchi bosqichga qabul qilinib, yoshlarning oliy ta’lim bilan qamrovi 42 foizga yetkazildi.

Magistraturaga 105 ta davlat oliygohiga ajratilgan 17 ming 128 ta qabul parametrlari doirasida 7 ming 232 nafar yoshlar o‘qishga qabul qilindi. Joriy yilda yangi tashkil etilgan 16 ta bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va 23 ta magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha malaka talablari tasdiqlandi. Muvofiqlashtiruvchi soha kengashlari tomonidan 583 ta bakalavriat ta’lim yo‘nalishi va 625 ta magistratura mutaxassisligi bo‘yicha malaka talablari ishlab chiqildi. 1 ming 208 ta o‘quv reja va tarkibidagi fanlar bo‘yicha 5 mingdan ortiq o‘quv dasturlar tasdiqlandi. Talabalar amaliyotini tashkil etish uchun oliy ta’lim muassasalari tomonidan 12 ming 758 ta korxona va tashkilotlar bilan hamkorlik shartnomalari imzolandi.

Oliygohlarda mavjud 501 ta o‘quv binosining 17 ming 661 ta o‘quv auditoriyasi hamda 2 ming 900 ta o‘quv laboratoriya xonalarida o‘quv jarayoni yo‘lga qo‘yildi. Oliygohlarda professor-o‘qituvchilarning o‘quv yuklamasi 10-15 foizga kamaytirilishi bo‘yicha amaliy choralar ko‘rildi.

Talabalarni turar joy bilan ta’minlash masalasi hamon dolzarb. Respublika bo‘yicha faoliyat yuritayotgan 112 ta davlat oliygohlarida kunduzgi ta’lim shaklida ta’lim olayotgan 556 ming nafar talabaning 286  ming 569 nafari o‘z uyi va yaqin qarindoshlari uyida yashab kelmoqda. 116 ming 535 nafar talabani ijara xonadonlarga joylashtirish rejalashtirilgan.

Talabalarning yotoqxonalar va ijara xonadonlariga joylashishlariga ko‘maklashish maqsadida oliygohlar tomonidan jami 188 ta talabalarni turar joy bilan ta’minlash markazlari tashkil etilib, samarali faoliyat yuritmoqda. Tashkil etilgan markazlar orqali jami 63 ming 321 ta murojaat (Toshkent shahrida 38 225 ta) kelib tushdi va ularning barchasi ijobiy hal etildi, ya’ni ijara xonadonlari bo‘yicha axborotlar taqdim etildi.

Shunday qilib, hozirgi kungacha barcha kurslar kesimida talabalar yotoqxonasiga jami 97 ming 401 nafar, ijara xonadonlariga 73 ming 405 nafar talaba joylashtirilgan.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA