Ma’lumki, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti 1992 yilda tashkil etilgan bo‘lib, ayni paytda oliy ta’lim dargohida 22 mingdan ziyod talaba 24 ta’lim yo‘nalishi, 18 ta magistratura mutaxassisligi bo‘yicha kunduzgi, kechki va sirtqi shaklda tahsil olmoqda.

Universitet til sohasida kadrlar tayyorlaydigan mamlakatdagi yetakchi OTM hisoblanadi. Ayni paytda talabalar jami 17 ta xorijiy til, jumladan, ingliz, nemis, fransuz, ispan, italyan, golland, grek, turk, arab, xitoy, yapon, koreys, fors, malay, indonez, hind va rus tillari bo‘yicha o‘qitilmoqda. Universitetda ilmiy daraja va unvon hamda xorijiy til sertifikatiga ega bo‘lgan mingga yaqin professor-o‘qituvchi saboq bermoqda.

Iqtisodiyot sohalari va tarmoqlarining rivojlanish istiqbollari, mehnat bozorining talab-ehtiyojlaridan kelib chiqib universitetda 2022-2023 o‘quv yilidan boshlab xalqaro jurnalistika, siyosatshunoslik, arab tili bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari, xalqaro jurnalistika, axborot xizmati va jamoatchilik bilan aloqalar magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha kadrlar qabuli boshlandi. 2023-2024 o‘quv yilidan boshlab esa xalqaro munosabatlar, sotsiologiya, turk filologiyasi va tarjimasi sohasida talabalar qabuli yo‘lga qo‘yildi. Arab va italyan tillari sohasida magistratura mutaxassisliklari ochildi.

Universitetda qabul kvotasining oshib borishi, o‘quv binolariga bo‘lgan ehtiyojni ham paydo qilmoqda. Shundan kelib chiqib, O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida yangi bino foydalanishga topshirilmoqda. Ushbu bino universitetning  80,6 milliard so‘mlik byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan qurildi.

Endilikda ingliz filologiyasi va sharq filologiyasi fakultetlari talabalari barcha qulayliklarga ega bo‘lgan yorug‘, shinam va ozoda zamonaviy o‘quv xonalarida saboq olishadi. Shuningdek, binoda internet tarmog‘idan foydalanish imkoniyati yaratilgan bo‘lib, axborot-resurs markazi va o‘quv zali mavjud. Bir so‘z bilan aytganda, mazkur binoning ishga tushirilishi o‘quv jarayoni va mustaqil ta’limni tashkil etishda qator qulayliklarni yaratadi.

 

Gulnoza Boboyeva,

O‘zA