O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi munosabatlar har tomonlama mustahkamlanmoqda. Davlat rahbarlarining birgalikdagi sa’y-harakatlari tufayli ikki tomonlama munosabatlar o‘zaro ishonch va do‘stona muhitda rivojlanayotir.

Oliy darajada erishilgan iqtisodiyot, savdo va sanoat sohalaridagi kelishuvlar ijrosi ustidan ta’sirchan parlament nazorati ta’minlanmoqda. Ushbu jarayonda ikki davlat parlamentlari yuqori palatalarida tuzilgan parlamentlararo do‘stlik guruhlari muhim o‘rin tutadi.

Bu O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva va Belarus Respublikasi Milliy majlisi Respublika Kengashi raisi Natalya Kochanova uchrashuvida alohida qayd etildi.

Minskda bo‘lib o‘tgan muloqotda tomonlar ikki davlat parlament vakillari MDH Parlamentlararo assambleyasi va Parlamentlararo ittifoq kabi xalqaro parlament tashkilotlari doirasida ham faol hamkorlik qilayotganiga urg‘u berdi.

Qonun ijodkorligi, gender va yoshlar siyosati sohasida o‘zaro tajriba almashish, hududlar forumini o‘tkazish orqali mamlakatlarimiz hududlari o‘rtasidagi munosabatlarni kengaytirish va chuqurlashtirish, shuningdek, hududlarni raqamli rivojlantirish sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish kabi masalalar yuzasidan takliflar ilgari surildi.

Ikki davlat o‘rtasida turli sohalarda erishilgan kelishuvlarni parlamentlar faoliyati doirasida huquqiy jihatdan ta’minlashga kelishib olindi.

Oliy Majlis Senati va Milliy majlis Respublika Kengashi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi memorandumning imzolanishi munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqishiga umid bildirildi.

O‘zbekiston – Belarus biznes doiralari va tadbirkor ayollar birinchi biznes-forumi savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash bo‘yicha yangi takliflarni muhokama qilish va ishlab chiqish uchun samarali maydonga aylanishiga alohida e’tibor qaratildi.

Forumning yakuniy hujjati (deklaratsiya) ikki mamlakat tadbirkor ayollari ishtirokida yangi qo‘shma biznes loyihalarini amalga oshirishga xizmat qiladi.

T.Norboyeva faxriy mehmonlar kitobida dastxat yozib qoldirdi. Shundan keyin ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha hujjatlarni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tomonlar o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida, Yoshlar kengashi va Yoshlar parlamenti hamkorligiga oid hamda “Belarus ayollar ittifoqi” respublika jamoat birlashmasi hamda Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi memorandumlar imzolandi.

 

N.Abduraimova,  

O‘zA