Huquqiy munosabat

Mamlakatimizda xotin-qizlar uchun joriy etilgan eng muhim imtiyozlardan biri bu ta’lim kreditidir. Mazkur kredit ta’lim muassasalarining bakalavriat va magistratura mutaxassisliklarida ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga tavsiya etilgan yoki qabul qilingan talaba xotin-qizlarga ajratiladi.

Xo‘sh, kredit ajratishning eng yuqori miqdori qancha qilib belgilangan? Kreditning asosiy qarzini qaytarish muddati qancha? Toshkent davlat yuridik universiteti Yuridik klinikasi xodimi Javohir Eshonqulov bu borada batafsil ma’lumot berdi.

–Davlatimiz rahbarining 2022 yil 7 martdagi “Oila va xotin-qizlarni tizimli qo‘llab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga ko‘ra, xotin-qizlarga ta’lim olishlari uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratish, ularning ilmiy salohiyati va malakasini tizimli oshirib borishni qo‘llab-quvvatlash maqsadida 2022/2023 o‘quv yilidan boshlab birqancha chora-tadbirlar belgilangan.

Xususan, farmonning 3-bandiga ko‘ra oliy ta’lim muassasalari, texnikum va kollejlarda, shu jumladan sirtqi va kechki ta’lim shaklida o‘qiyotgan xotin-qizlarning ta’lim kontraktlarini to‘lash uchun 7 yil muddatga foizsiz ta’lim kreditlarini moliyalashtirish maqsadida tijorat banklariga Davlat byudjetidan har yili 1,8 trillion so‘m resurs mablag‘lari yo‘naltirish belgilangan.

Shu bilan birga, davlat oliy ta’lim muassasalarining magistratura bosqichida o‘qiyotgan barcha xotin-qizlarning kontrakt to‘lovlarini qaytarish shartisiz qoplash maqsadida davlat byudjetidan har yili kamida 200 milliard so‘m moliyalashtirish belgilangan.

Mazkur kredit O‘zbekiston Respublikasidagi barcha oliy, o‘rta maxsus va professional ta’lim tashkilotlarida O‘zbekiston Respublikasi hududidagi xorijiy, davlat, nodavlat, oliy, o‘rta maxsus va professional ta’lim tashkilotlari hamda ularning filiallarida hamda qo‘shma ta’lim dasturlari bo‘yicha bakalavriat, shuningdek, magistraturaning kunduzgi, sirtqi va kechki ta’lim shaklida to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga tavsiya etilgan yoki qabul qilingan, shuningdek, o‘qishini ko‘chirgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lgan talaba xotin-qizlarning to‘lov-kontrakt asosida tahsil olishi uchun beriladi.

Kreditning yillik foiz stavkasiga ko‘ra, foiz to‘lovlari to‘lig‘icha Ta’lim kreditini moliyalashtirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi.

Kreditning asosiy qarzini qaytarish muddati ta’lim tashkilotida ta’limning tegishli turi bo‘yicha rasmiy o‘qish muddati tugagandan so‘ng, yettinchi oydan boshlab, 7 yilgacha belgilanadi.

Kredit ajratishning eng yuqori miqdori esa to‘lov-kontrakt shartnomasida belgilangan summaga ko‘ra hisoblanadi.

Shuningdek, xorijiy oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim dasturlari bo‘yicha — 50 nafar, magistratura ta’lim dasturlari bo‘yicha — 10 nafar xotin-qizlarga har yili “El-yurt umidi” jamg‘armasi orqali qo‘shimcha grantlar ajratib borish belgilangan.

Har yili Oila va xotin-qizlar qo‘mitasining tavsiyalariga asosan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan 150 nafardan jami 2 ming 100 nafar ijtimoiy ehtiyojmand oila vakillari, yetim yoki ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan talaba xotin-qizlarning ta’lim kontraktlari mahalliy byudjetning qo‘shimcha manbalari hisobidan qaytarish shartisiz qoplab borilishi belgilangan.

Shuningdek, farmonga ko‘ra, mutaxassisligi bo‘yicha kamida 5 yil mehnat stajiga ega, lekin oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan 500 nafar xotin-qizlarni har yili Qo‘mita tavsiyanomalariga asosan davlat oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga umumiy qabul parametrlaridan tashqari, alohida test sinovlari natijalariga muvofiq to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilish amaliyoti joriy etilishi belgilangan.

Bundan tashqari oliy ta’limdan keyingi ta’lim uchun ham davlat ilmiy tashkilotlari yoki oliy ta’lim muassasalari doktoranturasiga xotin-qizlar uchun har yili kamida 300 tadan maqsadli kvota ajratib borilishi belgilangan.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA