Poytaxtda Xitoy – Markaziy Osiyo sammiti yakuni doirasida O‘zbekiston va Xitoy rasmiylarining ochiq muloqoti tashkil etildi.
Tadbirda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov, Xitoy kommunistik partiyasining Shensi provinsiyasi kotibi Chjao Yide rahbarligidagi delegatsiya a’zolari hamda mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan turizm sohasi vakillari ishtirok etdi.
Muloqot davomida Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasida turizm sohasida hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarish, ikki tomonlama sayyohlar oqimini oshirish va O‘zbekistonning turizm salohiyatini Xitoy Xalq Respublikasi hududida keng targ‘ib etish masalalarini muhokama etildi hamda xorijlik mutasaddilarga O‘zbekistonda so‘nggi yillarda turizm sohasida olib borilayotgan islohotlar va erishilgan yutuqlar to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi.
Xitoy O‘zbekistonning turizm sohasidagi strategik hamkorlaridan biri ekanligi, xitoylik sayyohlar va ishbilarmon doira vakillarining O‘zbekistonga vizasiz tashrif buyurishi mumkinligi, ikki davlatda tashkil etilayotgan yirik sayyohlik ko‘rgazmalari, forum va yarmarkalarda tomonlar faol ishtirok etib kelayotganligi, shuningdek, har yili ikki mamlakat turizm sanoati vakillari uchun yirik biznes uchrashuvlari o‘tkazilayotganligi – hamkorlikning ikki tomon uchun manfaatli imkoniyatlarni taqdim etayotgani e’tirof etildi.
Muloqot yakunida xitoylik mehmonlar joriy yil 16-20 oktyabr kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan UNWTO Bosh Assambleyasining 25-yubiley sessiyasida ishtirok etishga taklif etildi. Bosh Assambleya doirasida turizm sohasidagi investitsiyaviy va ta’lim forumlari o‘tkazilishi, bu borada investitsiya forumida O‘zbekistonning barcha hududlari, shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlarining eng istiqbolli sarmoyaviy va infratuzilma loyihalari taqdim etilishi, Ta’lim forumida esa turizm sohasining kelajak avlodini tarbiyalashning ilg‘or tajribasi va dolzarb masalalari ko‘rib chiqilishi ma’lum qilindi.
Shuningdek, tadbirda Xitoy tomoni Shensi provinsiyasi madaniyati va turizmi bilan ishtirokchilarni yaqindan tanishtirdi. Shu bilan birga O‘zbekiston madaniy va turizm salohiyatini targ‘ib qilishda yangi imkoniyatlarni ko‘rib chiqish maqsadida Shensi provinsiyasida Samarqand timsolida Registon modelini ishga tushirish bo‘yicha loyihalarni yo‘lga qo‘yish zarurligi ta’kidlandi.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, Samarqand shahrida joylashgan “Ipak yo‘li” xalqaro turizm va madaniy meros universitetida Xitoyning Shensi provinsiyasi bilan hamkorlikda “Inson va atrof-muhitni o‘rganish bo‘yicha “Bir makon, bir yo‘l” Xitoy – Markaziy Osiyo qo‘shma laboratoriyasi” faoliyati yo‘lga qo‘yilgan edi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA