Vazirlar Mahkamasining joriy yil 4 sentyabrdagi qarori bilan “Xalq salomatligi posboni” ko‘krak nishoni ta’sis etildi.

Nizomga muvofiq, “Xalq salomatligi posboni” ko‘krak nishoni bilan:

– mamlakatimizda sog‘lom turmush tarzini umummilliy harakatga aylantirishga munosib hissa qo‘shgan barcha darajadagi idora va tashkilotlar hamda jamoatchilik vakillari;

– jismoniy faollikni kundalik odatga aylantirib, uni o‘z jamoasi va aholi orasida targ‘ib qilishda alohida namuna bo‘layotgan shaxslar va sport murabbiylari;

– zararli odatlarning oldini olish, bartaraf etish, ularga qarshi kurashishda ijobiy natijalarga erishgan va jamoatchilik nazoratini samarali tashkil etishda faollik ko‘rsatgan fuqarolar;

– aholining sog‘lom ovqatlanishini yo‘lga qo‘yish uchun yetarli shart-sharoitlar yaratgan shaxslar;

– hududning sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi, atrof-muhit toza va ozodaligini ta’minlash, aholida sanitariya-gigiyenik ko‘nikmalarni hosil qilish va mustahkamlash orqali kasalliklarning oldini olishga erishgan mutaxassislar;

– surunkali kasalliklar profilaktikasida xavf omillarini bartaraf etish va turmush tarzini ijobiy tomonga o‘zgartirishga undaydigan dolzarb materiallar tayyorlagan ommaviy axborot vositalari vakillari;

– profilaktik tibbiyotni rivojlantirishga va bu yo‘nalishda malakali kadrlarni tayyorlashga munosib hissa qo‘shgan tibbiyot sohasi xodimlari va boshqa mutaxassislar taqdirlanadi.

Ko‘krak nishoni bilan O‘zbekiston fuqarosi bo‘lmagan shaxslar ham taqdirlanishi mumkin.

Hududiy sog‘liqni saqlash idoralari, respublika darajasidagi davlat organlari, tashkilotlari va jamoat birlashmalari har yili 1 oktyabrga qadar ko‘krak nishoni bilan taqdirlash bo‘yicha nomzodlarni Sog‘liqni saqlash vazirligiga taqdim etadi.

Nomzodlarni ko‘rib chiqish uchun 5 kishidan iborat komissiya tuziladi.

Komissiya xulosasi asosida sog‘liqni saqlash vazirining ko‘krak nishoni bilan taqdirlash to‘g‘risidagi buyrug‘i har yili 1 noyabrga qadar chiqariladi.

Ko‘krak nishoni har yili noyabr oyining ikkinchi yakshanbasi – Tibbiyot xodimlari kuni arafasida vazir tomonidan tantanali tarzda topshiriladi.

Ko‘krak nishoni bilan taqdirlash, istisno tariqasida, vazirning buyrug‘iga asosan alohida holatlarda ham amalga oshirilishi mumkin.

Ko‘krak nishoni bilan taqdirlanganlarga BHMning 4 baravari miqdorida bir yo‘la to‘lanadigan pul mukofoti beriladi.

Bir shaxs ko‘krak nishoni bilan bir marta mukofotlanadi.

 

O‘zA