Bugun Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh assambleyasining 78-sessiyasi Nyu-York shahrida ish boshlaydi. Sessiya kun tartibida asosiy xalqaro muammolar va inqirozlar, iqlim o‘zgarishi, barqaror rivojlanishni ta’minlash, rivojlanayotgan mamlakatlarning qarzdorlik muammolarini hal etish masalalari o‘rin olgan.
TASS agentligi xabar berishicha, Bosh assambleyaning yuqori darajadagi haftasi 19-25 sentyabr kunlariga to‘g‘ri keladi. Dunyo mamlakatlari yetakchilari hamda Tashqi ishlar vazirlari xalqaro vaziyat va global muammolarga qarshi kurash masalalarida o‘z qarashlarini taqdim etadilar.
Oliy darajadagi hafta Braziliya Prezidenti Luis Inasiu Lula da Silvaning chiqishi bilan boshlanadi. Undan keyin AQSH rahbari Jo Bayden so‘z oladi.
Bu yilgi Bosh assambleya sessiyasi ishida Rossiya, Buyuk Britaniya, Xitoy, Fransiya yetakchilarining ishtirok etishlari rejalanmagan.
Bosh assambleyada Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy ishtirok etadi.
20 sentyabr kuni BMT Xavfsizlik kengashi Ukraina bo‘yicha yig‘ilishini o‘tkazadi.
Oliy darajadagi haftalik doirasida BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish tashabbusi bilan barqaror rivojlanish maqsadlari bo‘yicha sammit o‘tkaziladi.
Abror XON, O‘zA