O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Otashin shoir, tarjimon va dramaturg Usmon Nosir tavalludining 110 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarorida Rossiya Federatsiyasi Kemerovo viloyatining Mariinsk shahrida Usmon Nosir xotirasiga bag‘ishlangan yodgorlik o‘rnatish va uning tantanali ochilish marosimini o‘tkazish vazifasi belgilangan edi.

Shundan so‘ng mas’ul tashkilotlar Rossiyaning tegishli idoralari bilan muzokaralar o‘tkazdi va bu boradagi ishlar boshlandi.

Joriy yil 4 sentyabr kuni Kemerovo viloyatining Mariinsk shahrida o‘zbek xalqining otashin shoiri Usmon Nosir haykali ochildi.

Tadbirni Kemerovo viloyati gubernatori Sergey Sivilyov ochib berdi. Marosimda O‘zbekiston Respublikasining Rossiya Federatsiyasidagi Favqulodda va muxtor elchisi Botirjon Asadov, Rossiya tashqi ishlar vazirligi Novosibirskdagi shahri vakili Nikolay Afanasev, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid va boshqa ijodkorlar so‘zga chiqdi.

Anjumanda Novosibirskda ta’lim olayotgan o‘zbekistonlik talabalar, xorijiy mamlakatlarda doimiy va vaqtincha yashayotgan vatandoshlar, shuningdek, mahalliy ijodkorlar va Kemerovo viloyati Mariinsk shahrining keng jamoatchilik vakillari qatnashdi.

Haykal muallifi Konstantin Zenich shoir Usmon Nosirning o‘ziga xos siymosini yarata olgan.

O‘zbekiston delegatsiyasi, O‘zbekiston elchixonasining Novosibirskdagi bosh konsulxonasi hamda mahalliy aholi vakillari Mariinskdagi o‘rmonzor qa’ridagi qatag‘on qurbonlari mozorida dafn etilgan Usmon Nosirning qabrini ziyorat qildi. Qur’on tilovat qilinib, o‘tganlar xotirasi yod etildi. Shoirning qabriga gullar qo‘yildi.

Umuman olganda, ushbu voqea O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi ko‘p bosqichli madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirishning yorqin namunasi va yana bir muhim omilidir. Marosim ishtirokchilari buyuk shoir va dramaturg Usmon Nosirning yangi haykali poyiga gulchambarlar qo‘ydi.

Usmon Nosir 1944 yil 9 martda 31 yoshida Kemerovo viloyati Mariinskiy kasalxonasida vafot etdi. Kemerovo shahrida Usmon Nosirning muzeyi ham tashkil etilgan bo‘lib, u erda uning she’rlari o‘qiladi, shoirlar tomonidan rus tiliga tarjima qilinadi. Kemerovo viloyatida har yili shoirning muborak xotirasiga bag‘ishlangan adabiy tadbirlar o‘tkaziladi.

 

O‘zA