BMTning 2023 yilgi Barqaror rivojlanish maqsadlari indeksida O‘zbekiston 8 pog‘onaga ko‘tarilib, dunyoning 166 davlati orasida 69-o‘rinni egalladi. Bugun O‘zbekistonning Barqaror rivojlanish maqsadlari bo‘yicha tajribasi butun dunyoga namuna sifatida taqdim etilmoqda.

Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva va BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori vazifasini bajaruvchi  Konsuelo Vidal Bryus uchrashuvida bu alohida qayd etildi.

Muloqot davomida O‘zbekiston Respublikasining BMT va uning ixtisoslashgan idoralari bilan hamkorligining hozirgi holati va istiqbollari muhokama qilindi. Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda parlamentning roliga alohida e’tibor qaratildi.

Ta’kidlanganidek, barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalar ijrosi ustidan samarali parlament nazoratini amalga oshirish maqsadida 2020 yildan beri barqaror rivojlanish sohasidagi muammolar va bajarilayotgan ishlarning bugungi holati tizimli ravishda parlament komissiyasi tomonidan o‘rganib borilmoqda.

Tegishli chora-tadbirlar doimiy ravishda amalga oshirib kelinmoqda. Parlamentga kiritilayotgan qonunlar Barqaror rivojlanish maqsadlariga uyg‘unligi nuqtai nazaridan ko‘rib chiqilayotgani alohida qayd etildi.

Suhbat chog‘ida 2023 yil sentyabr oyida BMT Bosh assambleyasi 78-sessiyasining Oliy darajadagi haftasi doirasida bo‘lib o‘tadigan Barqaror rivojlanish maqsadlari sammitiga tayyorgarlik yuzasidan fikr almashildi.

Oliy darajadagi sammit BRMga erishishda jadal taraqqiyotning yangi bosqichini boshlab beradi va 2030 yilga qadar davrda kun tartibidagi vazifalarni amalga oshirish uchun xalqaro hamjamiyat,  milliy hukumatlar, fuqarolik jamiyati institutlari va boshqa hamkorlarning o‘zaro konstruktiv muloqoti natijasida yuqori darajadagi siyosiy majburiyatlarga erishishni maqsad qilgan.

Uchrashuv yakunida muhokama qilingan masalalar yuzasidan hamkorlikni izchil davom ettirishga kelishib olindi.

 

N.Abduraimova,  

O‘zA