Milliy matbuot markazida Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan davlat organlari va tashkilotlariga ishga qabul qilishning ochiq, shaffof tizimiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Unda qayd etilganidek, bugungi kunga kelib Davlat fuqarolik xizmatchilari vakant lavozimlari yagona ochiq portali orqali joriy yilning birinchi yarim yilligida respublikaning 68 ta vazirlik va idoralari hamda barcha tuman (shahar) hokimliklaridagi mavjud vakant lavozimlar bo‘yicha 10 ming 86 ta tanlov e’lon qilinib, ularga jami 278 ming nafar nomzod hujjat topshirgan. Bunda eng ko‘p tanlovlar, mahalladagi hokim yordamchilari, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi tizimi, yoshlar yetakchilari hamda tuman va shahar hokimliklari tizimida e’lon qilingan.
Tanlov yakuniga yetgan 8 ming 193 ta vakant lavozimlarning 3 ming 890 tasiga malakali xodimlar jamlandi. 4 ming 303 ta vakant lavozimga esa qayta tanlov e’lon qilindi. Tanlov g‘oliblarining 1 ming 388 nafari 30 yoshgacha bo‘lganlar, 1 ming 368 nafari ayollar, 631 nafari davlat xizmatiga birinchi marotaba qabul qilinganlarni tashkil etadi.
– “Raqamli davlat fuqarolik xizmati” konsepsiyasi doirasida inson resurslarini rivojlantirish yo‘nalishidagi byurokratik to‘siqlarga chek qo‘yish hamda korrupsiyaviy xavf-xatarlar va inson omilini qisqartirishga qaratilgan avtomatlashtirilgan tizim — hrm.argos.uz elektron tizimi ishlab chiqildi, – dedi Kadrlar ma’muriyatchiligi departamenti mudiri Ilhom Qurbonov. – Mazkur avtomatlashtirilgan tizim 2023 yil avgust oyidan davlat fuqarolik xizmati tatbiq etiladigan barcha davlat organlari va tashkilotlarida to‘liq joriy etilgan. Hozirgi kunda barcha davlat fuqarolik xizmati tatbiq etiladigan vazirlik va idoralar, shuningdek, tizimdagi 4 ming 402 ta tashkilot ushbu platformaga ulangan.
Buning natijasida davlat organlari va tashkilotlarining inson resurslarini rivojlantirish bo‘linmalari byurokratiya va ortiqcha qog‘ozbozlikdan xoli bo‘lgan quyidagi qulayliklarga ega bo‘ladi.
Xususan, vakant lavozimlarni e’lon qilishdan tortib, ishga qabul qilish natijalari bo‘yicha hujjatlarni rasmiylashtirishgacha bo‘lgan jarayonlar to‘liq elektron tarzda amalga oshiriladi. Tarkibiy tuzilma, shtatlar, lavozimlar va xodimlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar yagona elektron bazaga jamlagan holda axborot to‘planadi va unga ishlov beriladi. Xodimlar davomati va ish vaqti hisobi tabeli, shuningdek, xizmat safari, mehnat ta’tili, mehnatga layoqatsizlik davri elektron shaklda qayd etib boriladi. Kadrlarga oid ish yurituv hujjatlari elektron raqamli imzo bilan tasdiqlangan holda faqat tizim orqali elektron shaklda qabul qilinadi va yuritiladi.
Shuningdek, xodimlarning ish faoliyati samaradorligini avtomatik baholash va ularni masofaviy malakasini oshirishga erishiladi va kadrlar bo‘yicha ma’lumotlarning elektron arxivi yuritiladi.
Shuningdek, tadbirda “Davlat xizmatchisi” mobil dasturi xususida so‘z bordi. Mazkur dastur Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturiga muvofiq, davlat fuqarolik xizmatini zamonaviy standartlar asosida raqamlashtirish maqsadida yo‘lga qo‘yilgan.
Endilikda inson resurslarini rivojlantirish sohasidagi barcha platformalar — sohaga doir qonunchilik, vakansiyalar, malaka oshirish, shuningdek, davlat xizmatchisining shaxsiy rivojlanishiga oid barcha ma’lumotlar ushbu dasturga jamlanadi.
Mobil dastur “Elektron hukumat”ning quyidagi tizimlari bilan integratsiya qilingan: Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali — my.gov.uz, foydalanuvchilarni identifikatsiyalashning yagona tizimi — id.egov.uz, davlat fuqarolik xizmatining yagona elektron axborot portali — my.argos.uz, davlat fuqarolik xizmati vakant lavozimlarining yagona ochiq portali — vacancy.argos.uz, davlat fuqarolik xizmatchilarini sinovdan o‘tkazish moduli— test.argos.uz, davlat fuqarolik xizmatchilari malakasini oshirish portali (ilm.argos.uz).
Kelgusida davlat xizmatchilariga yuridik va jismoniy shaxslarning murojaatlari bilan ishlashda qulaylik yaratish maqsadida mobil dasturni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining virtual qabulxonasi — pm.gov.uz bilan integratsiya qilinishi ko‘zda tutilgan.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA