Ijtimoiy tarmoq orqali mamlakatning Isroil bilan aloqasini yaxshilashga uringani uchun Qirolni tanqid qilgan marokashlik internet foydalanuvchisi besh yillik qamoq jazosiga hukm qilindi. Bu haqda “The Guardian” nashri uning advokatiga tayanib xabar berdi.
– 48 yoshli Said Bukiud dushanba kuni “qirolni tanqid qilish” mazmunidagi izohlari uchun qamoqqa olindi, – dedi advokat Al-Hasan Assuni. – U hukmdan norozi bo‘lib, apellyatsiya berganini ham qo‘shimcha qildi.
Mamlakat konstitutsiyasiga ko‘ra, davlatning tashqi ishlari monarx Qirol Muhammad VI vakolatiga kiradi. Marokash va Isroil 2020 yil dekabrda AQSH tomonidan qo‘llab-quvvatlangan Ibrohim kelishuvi (2020 yil 15 sentyabrda imzolangan Isroil davlati va BAA o‘rtasidagi munosabatni yaxshilash to‘g‘risidagi kelishuv) doirasida yarashgan.
Kasablanka (arabcha Dor ul-Bayzo) sudining hukmi “qat’iy va tushunarsiz”, dedi advokat.
Kasablanka – Marokash g‘arbidagi shahar, Atlantika okeani sohilida joylashgan.
Ijtimoiy tarmoqdagi izohlar 2020 yil oxiri – Bukiud Qatarda yashab, ishlagan paytga to‘g‘ri keladi.
U Marokashda jinoiy javobgarlikka tortilayotganini bilgach, postlarni o‘chirib tashladi va akkauntini yopdi, dedi advokat.
Bukiud Jinoyat kodeksining 267-5 moddasi bo‘yicha aybdor, deb topildi. Ushbu moddaga ko‘ra, monarxiyaga putur yetkazgan har qanday kishiga olti oydan ikki yilgacha qamoq jazosi belgilanadi. Jinoyat oshkora, jumladan, elektron vosita orqali sodir etilgan bo‘lsa, jazo besh yilgacha oshirilishi mumkin.
Huquq himoyachilari aytishicha, qonun so‘z erkinligiga to‘sqinlik qiladi. Ya’ni, matnda monarxiyaga “qanday hujum bo‘lishi mumkin”ligi aniq ko‘rsatilmagan.
Muharrama Pirmatova, O‘zA