O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining qo‘shma majlisida O‘zbekiston Respublikasi saylangan Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tantanali qasamyod qilib, o‘z lavozimiga kirishdi.

Majlisda davlatimiz rahbari nutq so‘zladi.

Davlatimiz rahbari O‘zbekiston yoshlariga murojaat qildi:

“–Aziz o‘g‘il-qizlarim, bugun tarixning o‘zi, zamonning o‘zi sizlarning oldingizda beqiyos imkoniyatlar ochmoqda.

El-yurt koriga avvalo kim yaraydi? Albatta, sizlar!

Yangi O‘zbekistonni, Uchinchi Renessansni kim barpo etadi?

Albatta, sizlar!

Yurtimiz, xalqimizni kelajakda kim rozi qiladi?

Albatta, sizlar!

Xalqimiz, Vatanimiz sizlarga ishonadi.

Sizlar O‘zbekiston tarixiga oltin harflar bilan yoziladigan buyuk ishlarni amalga oshirishga qodirsiz.

Yoshlik – g‘animat, vaqt – g‘animat, fursat borida otni qamchilang! Davlatimiz, xalqimiz yaratib berayotgan imkoniyatlarning qadriga yeting! Dunyoga o‘z so‘zingizni ayting!

Izlanish va intilishdan aslo to‘xtamang! Baxt va omad doimo sizlarga yor bo‘lsin!”

 

O‘zA