Nukusda 23 iyun – Xalqaro Olimpiya kuni munosabati bilan “Bir vatanda, bir vaqtda, bir masofaga, bir maqsadda – birga yuguramiz” shiori ostida “Olimpic day”, 30 iyun – Yoshlar kuniga bag‘ishlangan “Yangi nafas” ommaviy yugurish musobaqalari bo‘lib o‘tdi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Yoshlar siyosati va sport vazirligi, Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugi va hamkor tashkilotlar bilan birgalikda o‘tkazilgan musobaqada sportchilar, harbiy xizmatchilar, huquqni muhofaza qilish organlari vakillari, talabalar, aholi vakillari, nuroniylar, uyushmagan yoshlar, nogironligi bo‘lgan shaxslar ishtirok etdi.
Musobaqadan ko‘zlangan maqsad aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, ularni bir maqsad atrofida birlashtirish, salomatlik tadbirlarining darajasini yuksaltirishdan iborat. Sport tadbirida 3 ming nafarga yaqin nukuslik faollar ishtirok etib, 1 mil va 3 kilometr masofaga yugurdi.
G‘olib va sovrindorlarni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi o‘rinbosari A.Daniyarov qutladi. G‘oliblar tashkilotchilar tomonidan munosib taqdirlandi. Bundan tashqari, eng keksa, eng yosh, eng faol ishtirokchi nominatsiyalari bo‘yicha g‘oliblar aniqlandi.
Dovud ABIBULLAEV,
Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA