Jahon bankining mamlakatimizdagi vakolatxonasida O‘zbekiston hukumatiga uglerod bozorida ishtirok etishda ko‘maklashish loyihasi yuzasidan muzokaralar o‘tkazildi.
Unda qayd etilganidek, Jahon banki Uglerod aktivlari transformativ fondi (TCAF) bilan hamkorlikda 2020 yil dekabr oyidan boshlab O‘zbekiston hukumatiga uglerod bozorida ishtirok etishda ko‘maklashish loyihasi doirasida 45 million dollarlik mablag‘larni 2024-2028 yillar davomida jalb qilish ishlari olib borilmoqda.
TCAF – Jahon bankning trast fondi bo‘lib, mamlakatlarning uglerod narxini bozorga chiqarish va xususiy sektorga past uglerodli texnologiyalarga sarmoya kiritishga yo‘naltirilgan sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlaydi.
O‘z navbatida, mamlakatda energiya resurslarining tarif islohotlarini amalga oshirish natijasida qisqartirilayotgan issiqxona gazlari savdosini yo‘lga qo‘yish loyihasi ikkita komponentni o‘z ichiga oladi. 1-komponent bo‘yicha kamaytirilgan emissiyani sotib olish shartnomasi doirasida issiqxona gazlari uglerod savdosi simulyatsiyasi sifatida Jahon bankiga o‘tkazilib, O‘zbekistonga qaytariladi. 2-komponent bo‘yicha yumshatish natijalarini sotib olish shartnomasi doirasida qisqartirilayotgan issiqxona gazlarini xalqaro uglerod savdosi amalga oshiriladi.
Shu bilan birga, Jahon banki tomonidan institutsional salohiyatni rivojlantirish, issiqxona gaz emissiyasini nazorat qilish infratuzilmasini yaratishga qaratilgan texnik ko‘mak ajratilishi ham belgilangan.
Muzokaralar davomida loyiha doirasida Jahon banki hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Energetika vazirligi o‘rtasida imzolanishi rejalashtirilayotgan ERPA, MOPA va Qabul qiluvchi davlat shartnomasi hujjatlari ko‘rib chiqildi va mazkur hujjatlar yuzasidan muhokamalar o‘tkazildi.
Muzokaralar yakunida Jahon banki delegatsiyasi va O‘zbekiston delegatsiyasi o‘rtasida tegishli bayonnoma imzolandi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA