Telekommunikatsiya sohasidagi xizmatlar uchun BHMning 340 baravari miqdorida davlat boji to‘lab kelingan. Endilikda ushbu sohada davlat boji miqdori ikki baravarga kamaytirilishi kutilmoqda.

Axborotlashtirish sohasida ham imtiyozlar joriy etilmoqda. Ular yillik davlat bojini har chorakda bo‘lib to‘lashi joriy etilmoqda.

Uyali aloqa virtual operatorlari hamda tele- va radiokanallarga ham davlat bojini to‘lashda imtiyozlar beriladi.

Bu “Telekommunikatsiyalar sohasida ayrim faoliyat turlarini amalga oshirganlik uchun davlat boji miqdorlari maqbullashtirilishi munosabati bilan “Davlat boji to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonunda aks etmoqda.

Senat yalpi majlisida muhokama etilgan mazkur qonun bilan uyali aloqa virtual operatorlari (provayderlar) faoliyatini kengaytirish maqsadida ular tomonidan radiotelefon (uyali) aloqa tarmoqlari xizmatlarini ko‘rsatishi natijasida undiriladigan davlat boji miqdorlari kamaytirilmoqda.

Ushbu sohada faoliyat yuritib kelayotgan tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan bazaviy hisoblash miqdorining 25 ming  baravari miqdorida davlat boji undirilishi belgilab qo‘yilmoqda.

Shu bilan birga, agar uyali aloqa virtual operatori tomonidan navbatdagi yillik davlat bojini to‘lash davridan oldingi moliya yilida ko‘rsatilgan ko‘chma radiotelefon (uyali) aloqa tarmoqlari xizmatlarining qiymati bazaviy hisoblash miqdorining 1,5 million baravaridan oshgan taqdirda, ushbu uyali aloqa virtual operatori daromadining bir foizi miqdorida qo‘shimcha davlat boji to‘lanishi belgilanmoqda.

Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, bugungi kunda o‘z telekommunikatsiya tarmog‘iga ega 5 ta mobil aloqa bazaviy operatori xizmat ko‘rsatib kelmoqda. Radiochastota resursiga ega bo‘lmagan bitta virtual mobil aloqa operatori mavjud.

Senatorlarning ta’kidlashicha, qonunning qabul qilinishi natijasida uyali aloqa virtual operatorlari faoliyatini kengaytirishga va ularning faoliyat ko‘rsatishi uchun adolatli raqobat muhiti yaratishga erishiladi.

Tahlillarga ko‘ra, hududlardagi xususiy telekanal va radiokanallar o‘z teleradio dasturlarini efirga uzatish hamda moddiy-texnik bazalarini zamonaviy uskunalar bilan jihozlashda ayrim moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelmoqda.

Shu bois, qonun bilan teleradioeshittirishlarni tarqatish (namoyish qilish) tarmoqlarini loyihalashtirganlik, qurganlik, ulardan foydalanganlik va ularning xizmatlarini ko‘rsatganlik uchun to‘lanadigan davlat boji miqdorlari 50 foizga kamaytirilmoqda. Bunda tele- va radiokanallarning moliyaviy imkoniyatlarini yaxshilashga erishiladi.

Senatorlar ushbu qonunning qabul qilinishi tadbirkorlik sub’ektlariga yengillik berish bilan birga, xususiy teleradiokanallar tashkil etilishiga va teledasturlarni sifatli kontentlar bilan to‘ldirishga xizmat qilishini ta’kidladi.

Qizg‘in muhokamadan so‘ng qonun ma’qullandi.

 

N.Abduraimova, O‘zA