Markaziy Osiyo xalqaro institutida “Markaziy Osiyoda suv masalasiga nigoh” mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazildi.

Parijdagi Markaziy Osiyo tadqiqotlari instituti, Fransiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi hamda Taraqqiyot agentligi hamkorligida tashkil etilgan anjumanda elchilar, diplomatik korpus vakillari, xalqaro tashkilotlar, ekspert-tahlil va tadqiqot doiralari vakillari, vazirlik, idoralar, shuningdek, mamlakatimiz oliy ta’lim muassasalari xodimlari ishtirok etdi.

Konferensiya davomida Markaziy Osiyoda suv zaxirasidan samarali va oqilona foydalanish, iqlim o‘zgarishi natijasida yuzaga kelayotgan salbiy oqibatning oldini olish, ayni muammolarni hal etish jarayonida innovatsion bilim va ilg‘or tajribani joriy etish masalalari muhokama qilindi.

Tadbir ishtirokchilari Markaziy Osiyoda kuzatilayotgan global iqlim o‘zgarishi muz maydoni jadal qisqarishiga olib kelayotgani, bu esa quyi oqimda joylashgan mamlakatlarni suv resurslari bilan ta’minlaydigan daryolar va suv havzalariga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganini ta’kidladilar.

Markaziy Osiyo qurg‘oqchil zonada, nam okean atmosferasi oqimidan uzoq joylashgan mintaqa hisoblanadi. Demak, mintaqamiz iqlim inqirozi nuqtai nazaridan o‘ta zaif, ekologik ofatga moyil.

Ma’lumki, muzlik uzoq muddatli chuchuk suvning muhim manbai hisoblanadi. O‘rta Osiyoning ikki asosiy daryo tizimi – Sirdaryo va Amudaryo Orol dengiziga quyiladi. Mazkur ikki daryoning asosiy suv manbai ko‘p jihatdan mavsumiy qor va muzlik erishiga bog‘liq. Daryo to‘lib oqishi  aholi turmush tarzi yaxshilanishi, odamlar yashaydigan hudud iqtisodiy jihatdan rivojlanishida alohida ahamiyat kasb etadi. Afsuski, hozirgi noqulay ekologik sharoit mintaqada favqulodda vaziyat va tabiiy ofatlarning yuqori xavfini yuzaga keltirmoqda. Natijada mintaqaviy xavfsizlikka jiddiy tahdid hosil bo‘lgan.

Markaziy Osiyo xalqaro instituti direktori Vladimir Norov konferensiya ochilishida so‘zga chiqib, mazkur tadbir O‘zbekiston Prezidentining 2022 yil noyabr oyida Fransiyaga tashrifi chog‘ida erishilgan kelishuvlarning mantiqiy davomi ekanini ta’kidladi. Zero, o‘sha tashrif davomida hamkorlikning turli yo‘nalishlari, jumladan, yashil rivojlanish, atrof-muhitni muhofaza qilish, iqlim o‘zgarishi salbiy oqibatini yumshatish va suv resurslarini samarali boshqarish bo‘yicha hujjatlar to‘plami imzolangan edi.

Masalan, Hukumatimiz va Fransiya taraqqiyot agentligi o‘rtasida qishloq xo‘jaligi sohasida 2025 yilga qadar qo‘shma aniq loyihalar amalga oshirishni nazarda tutuvchi umumiy qiymati 1 milliard yevrodan ziyod yangi strategik hamkorlik dasturi qabul qilingan. Energetika, “yashil” iqtisodiyot, shaharsozlik, suv ta’minoti, bank-moliya sektori va transport sohalarida ham istiqbolli kelishuvlarga erishilgan. Shuningdek, O‘zbekiston hududlarida ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash, irrigatsiya sohasida tadqiqot olib borish to‘g‘risida memorandumlar imzolangan.

Bundan tashqari, Agentlik Orolbo‘yi mintaqasi barqaror rivojlanishini ta’minlash uchun zarur investitsiya jalb etish orqali hududdagi ekologik vaziyatni yaxshilashga qaratilgan sa’y-harakatni amalga oshiradi.

Markaziy Osiyo xalqaro institut va Fransiyaning Markaziy Osiyoni o‘rganish instituti o‘rtasida deklaratsiya imzolangan.

Jahon banki ma’lumotiga ko‘ra, agar XXI asr oxiriga kelib hozirgi isish tezligi saqlanib, dunyoda o‘rtacha harorat Selsiy shkalasi bo‘yicha 4 daraja ko‘tarilsa, Markaziy Osiyoda bu ko‘rsatkich 7 darajani tashkil qiladi. Bunday holatda mintaqa muzliklari intensiv erishi, tabiiy ofatlar kuchayishi, jiddiy qurg‘oqchilik, suv inqirozi, o‘simlik va hayvonot dunyosi tuzatib bo‘lmaydigan yo‘qotishga uchrashi bilan yakunlanadigan ekologik bo‘hron yuzaga kelishi ehtimoli yuqori. Qolaversa, bu muammolarga qo‘shimcha ravishda Orol dengizi qurishi natijasida Markaziy Osiyo mamlakatlari hozirdanoq iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq qator salbiy oqibatlarni boshdan kechirmoqda.

Binobarin, ushbu muammolar transchegaraviy suvdan foydalanish masalasini har tomonlama o‘rganish va muhokama qilishni taqozo etadi.

Tadbirda Fransiya taraqqiyot agentligi tomonidan tayyorlangan “Pomir muzliklari Markaziy Osiyo uchun suv manbai” nomli hujjatli video rolik namoyish qilindi. Olimlar, ekspert va mutaxassislarning “Markaziy Osiyoda suv bilan bog‘liq vaziyatga kengroq nazar”, “Mintaqada suv bilan bog‘liq vaziyatga sohalar bo‘yicha nazar” mavzularidagi tahliliy chiqishlari tinglandi.

Konferensiya ikki tahliliy tuzilma o‘rtasida mustahkam aloqa o‘rnatish yo‘lidagi ilk amaliy qadam bo‘lgani, suv resurslarini ta’minlashga qaratilgan qo‘shma tadbirlarni izchil amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish imkonini berishi, eng muhimi, ikki davlat rahbarlari uchrashuvida O‘zbekiston – Fransiya munosabatini yanada mustahkamlash bo‘yicha erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish uchun yaxshi platforma bo‘lib xizmat qilishi alohida ta’kidlandi.

 

Saidmurod Rahimov, O‘zA muxbiri