“Sirdaryo mega lyuks” qo‘shma korxonasi hududida viloyatda ishlab chiqarilayotgan sanoat mahsulotlari ko‘rgazmasi va sanoatni rivojlantirish bo‘yicha loyihalar taqdimoti o‘tkazildi.
Sirdaryo viloyatining geografik joylashuvi hududning sanoat, logistika imkoniyatlarini kengaytirish, xorijiy investitsiyalarni jalb etish, chet eldagi hamkorlar bilan aloqalarni mustahkamlashda katta qulaylik yaratadi. Viloyatda xorijiy kompaniyalar ishtirokidagi 90 korxona faoliyat yuritmoqda. Ular tomonidan zamonaviy logistika markazlari tashkil etish, Led lampochkalari, lift va eskalatorlar, qurilish uchun metall konstruksiyalar ishlab chiqarish, charm, meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash va qadoqlash, farmatsevtika sohalarida qator loyihalar amalga oshirilmoqda.
Davlatimiz rahbari dastlab “Ideal asr” korxonasining bosim ostida ishlaydigan uskuna va maxsus texnikalarini ko‘zdan kechirdi. Mazkur sig‘imlar suyultirilgan gazni saqlash va tashishga mo‘ljallangan bo‘lib, chekka hududlar aholisini tabiiy gaz bilan ta’minlashda katta qulaylik yaratadi.
Prezidentimiz mazkur sig‘imlarni ko‘p qavatli uylar, savdo markazlari qurish loyihalariga kiritish kerakligini, bu katta iqtisodiy tejamkorlik keltirishini ta’kidladi.
Yangiyer shahar kichik sanoat zonasi hududida “Bahromjon Nur savdo” xususiy korxonasi 2010 yili tashkil etilgan. Asosan lok-bo‘yoq va quruq suvoq materiallari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxonada yangi mahsulot turlarini o‘zlashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Joriy yildan korxonada 30 turdagi krasovkalar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Bugungi kunda korxonada 163 ishchi mehnat qilmoqda.
Shu paytgacha ayollar va erkaklar krasovkalari asosan chetdan keltirilardi. “Bahromjon Nur savdo” xususiy korxonasining mahsulotlari import o‘rnini qoplash va eksport qilish imkonini beradi.
Prezidentimiz “Crocus Uz compozite”korxonasida mahalliy xom ashyo, ya’ni shisha paxta, kvars qumi va efir moyidan ishlab chiqarilayotgan lotok va trubalarning afzalligiga alohida e’tibor qaratdi. Ushbu mahsulotlar betonga qaraganda ancha chidamli, kamxarajat va uzoq muddat foydalanish mumkin.
– Bunday mahsulotlar nafaqat Sirdaryo viloyati, balki butun mamlakatimiz uchun juda foydali. Suv isrofgarchiligini kamaytirish, qishloq xo‘jaligida daromadni oshirishda sohaga bunday innovatsion yondashuvlarning ahamiyati katta. Ushbu mahsulotlarni fermer va dehqonlarga keng targ‘ib etish kerak, – dedi davlatimiz rahbari.
Boyovut tumanida “Maker International Uzbekistan” korxonasi tomonidan gulijavhar (barxatets) guli yetishtirish hisobiga tabiiy dori ekstraktini olish yo‘lga qo‘yiladi. Buning uchun ming gektar yer ajratish rejalashtirilgan. Ushbu maydonda 30 ming tonna gul yetishtirish, undan 300 tonna ekstrakt olish mumkin. Gul poyasi chorva mollari uchun ozuqa bo‘ladi.
Loyiha ishga tushirilishi natijasida yiliga 10 million dollarlik dori vositalari ishlab chiqariladi, 200 kishi doimiy, mingdan ziyod kishi mavsumiy ish bilan ta’minlanadi. Loyihaning afzalligi, tabiiy dori ekstraktining bozori bor. Xitoydan tashqari AQSh, Ispaniya, Meksika va Yevropa davlatlariga eksport qilish rejalashtirilgan. Bu yurtimizga valyuta tushumini ko‘paytirishga xizmat qiladi.
Gulijavhar bir yillik o‘simlik bo‘lib, aprelda ekiladi. Iyul oyi o‘rtalaridan boshlab gul berishni boshlaydi. Yiliga besh marta gullaydi. 20 sentabrda oxirgi gullari terib olinadi. Bir gektaridan 5 ming dollargacha foyda olish mumkin. Ushbu o‘simlikdan olingan ekstrakt immun tizimini mustahkamlaydi, qon bosimini pasaytiruvchi xususiyatga ega. Bundan tashqari, viruslarga qarshi kurashuvchan bo‘lgani bois juda ham foydali. Tarkibida lyuteyn moddasi ko‘p bo‘lgani uchun asosan ko‘z nurini yaxshilash uchun keng qo‘llaniladi. O‘simlik serquyosh hududlarda, namgarchiligi past yerlarda yaxshi o‘sadi. Uncha ko‘p e’tibor talab qilmaydi, tuproqqa talabchan bo‘lmagani uchun yetirishtirish oson va qulay.
Korxona tashabbuskorlari yarimtayyor mahsulot bilan cheklanib qolmay, kelgusida tayyor dori vositalari ishlab chiqarishni maqsad qilgan.
Prezidentimiz gulijavhar o‘simligi ekiladigan maydonlarni 2 ming gektarga kengaytirish, kelgusi yillarda boshqa viloyatlar hisobiga 5 ming gektarga yetkazish va eksport hajmini ko‘paytirish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berdi.
Taqdimot chog‘ida Prezidentimizga Sirdaryo viloyatidagi “Peng Sheng” majmuasi tarkibidagi “AWP” qo‘shma korxonasida suv jihozlari, jez va latundan dastaklar, fitinglar, katta hajmdagi keramik plitalar, eshik qulflari ishlab chiqarish kabi qator yangi loyihalar namoyish etildi.
Shavkat Mirziyoyev ko‘proq yangi ish o‘rinlari tashkil etish, mahalliy xomashyo asosida mahsulot ishlab chiqarishga ko‘proq xorijiy investitsiyalarini jalb qilish bo‘yicha topshiriqlar berdi.