Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Sirdaryo tumanidagi “Sirdaryo mega lyuks” mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi O‘zbekiston – Rossiya qo‘shma korxonasida qadoqlash mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha amalga oshirilayotgan loyihalar bilan tanishdi.

Mamlakatimizda sanoat sohasida bozor munosabatlarini joriy etish, ishlab chiqarishni rivojlantirish, mulkdorlar sinfini kengaytirish hamda ularning mustaqilligini ta’minlash bo‘yicha izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Polipropilen mahsulotlari ishlab chiqarishni tashkil etish, sohada mahalliylashtirishni qo‘llab-quvvatlash, ishlab chiqaruvchilarning eksport salohiyatini oshirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar natijasida eksportbop mahsulotlar ishlab chiqaruvchi korxonalar safi kengaymoqda.

“Sirdaryo mega lyuks” mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi qo‘shma korxonasi ana shulardan biridir.

Davlatimiz rahbari korxonaning ishlab chiqarish jarayonini ko‘zdan kechirdi. Taklif etilayotgan loyihalar, istiqboldagi rejalar bilan qiziqdi.

2012 yili tashkil etilgan qo‘shma korxonada polipropilen granulasidan kimyo, qurilish, tekstil, oziq-ovqat va nooziq-ovqat, farmatsevtika, qishloq xo‘jalik mahsulotlarini qayta ishlash sanoati, xom ashyo va materiallar eksporti bilan shug‘ullanuvchi savdo kompaniyalari uchun turli o‘lchamdagi qadoqlash mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda.

Dastlab 75 ishchi bilan faoliyat boshlagan, bir turdagi qoplar ishlab chiqarilgan korxonada ayni paytda mahsulot turi 17 taga, ishchi-xizmatchilar soni 650 kishiga yetdi. Mahsulotlarning 35-40 foizi Rossiya, Belarus, Ukraina, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Afg‘oniston, Boltiqbo‘yi davlatlariga eksport qilinmoqda.

Korxonada 2018-2023 yillarda qiymati 100 million AQSh dollari bo‘lgan yettita istiqbolli loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan. Polipropilendan qadoqlash mahsulotlari, eksport bilan shug‘ullanuvchi kompaniyalar uchun yumshoq konteynerlar, qadoqlash mahsulotlari ishlab chiqarish uchun BOPP va SPP plyonkalari, chetdan import qilinayotgan yordamchi xomashyo va materiallar ishlab chiqarish kabi loyihalar shular jumlasidandir. Bu loyihalarning amalga oshirilishi natijasida 2 ming 500 kishi ish bilan ta’minlanadi. Quvvatlar to‘liq ishga tushgach, yiliga 125 million dollarlik mahsulot eksport qilinib, 80 million dollarlik import o‘rnini bosadigan mahsulot ishlab chiqariladi. Mazkur mahsulotlarga hozirning o‘zida MDH, Yevropa Ittifoqi, Lotin Amerikasi mamlakatlaridan takliflar tushmoqda.

Davlatimiz rahbariga ushbu loyihalar haqida ma’lumot berildi. E’tirof etilishicha, ishga tushiriladigan yangi tarmoqlarga Rossiya, Amerika, Germaniya, Italiya, Avstriya kabi davlatlardagi yetakchi kompaniyalarning zamonaviy texnologik uskunalari o‘rnatiladi. Ushbu quvvatlar korxona yonida barpo etilayotgan texnoparkda joylashtiriladi.

Prezidentimiz yangi mahsulotlarning xaridorgirligi, eksport geografiyasi bilan qiziqdi. Ishlab chiqarishga innovatsion texnologiyalarni keng joriy etish orqali tashqi bozorda O‘zbekiston mahsulotlarining mavqeini oshirish bo‘yicha zarur ko‘rsatma va tavsiyalar berdi.

 

Matnazar Elmurodov, O‘zA