Prezident Shavkat Mirziyoyev Sirdaryo viloyatiga tashrifi davomida Guliston shahrida tashkil etilgan Alisher Navoiy nomidagi Bilimdonlar maskanida bo‘ldi.
Guliston shahrining Islom Karimov ko‘chasidagi mavjud xiyobon qayta rekonstruksiya qilinib, yangi maskan ish boshladi. Majmuada viloyat aholisi, ayniqsa, yoshlar uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratilgan. Bu yerda 1 ta kitob do‘koni, 1 ta gul do‘koni hamda kitobxonlar uchun maxsus ayvonlar barpo etildi.
Davlatimiz rahbari mazkur ayvonda viloyat ijodkor ziyolilari, ijtimoiy soha, yoshlar vakillari bilan uchrashdi. Uchrashuvda mamlakatimiz va xalqaro ahamiyatga moliq masalalar xususida so‘z yuritildi.
Bugun yurtimizda turli sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar o‘zining yuqori samarasini bermoqda. Yangi korxona va ishlab chiqarish obyektlarining ishga tushirilishi mamlakat iqtisodini rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlashda muhim omil bo‘layotir.
– Oddiy xalqni rozi qilishimiz uchun juda ko‘p ishlar qilishimiz kerak, – dedi Prezident. – Mamlakatimizning barcha hududlarida bo‘lgani kabi, Sirdaryo viloyatida ham yangi korxonalar qurishimiz zarur. Bu aholi bandligini ta’minlash, daromadini oshirishda muhim asos bo‘lib xizmat qiladi.
Uchrashuvda so‘zga chiqqanlar mamlakatimizda ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash, yoshlarning bilim va malakasini oshirish yo‘lida qabul qilinayotgan muhim hujjatlar uchun Prezidentimizga minnatdorlik bildirdi.
Bilimdonlar maskani yoshlarni vatanparvarlik, milliy an’ana va qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalash, ma’naviy yetuk va barkamol avlodni voyaga yetkazishda muhim poydevor vazifasini o‘taydi.