Nukusda “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida ta’lim muassasalari o‘qituvchilari o‘rtasida “Sog‘lom tanda – sifatli ta’lim” shiori ostida “Kasaba uyushmasi kubogi” sport musobaqalarining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Qoraqalpog‘iston Kengashi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Yoshlar siyosati va sport vazirligi hamda Qoraqalpog‘iston teleradiokompaniyasi tomonidan tasdiqlangan qo‘shma qaror asosida tashkil etilgan sport musobaqalari Nukus shahridagi 1-sonli sport maktabi, Yengil atletika va o‘yin turlari bo‘yicha ixtisoslashtirilgan sport maktabi, Olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi hamda Nukus shahridagi 2-sonli sport maktabida o‘tkazildi.

Musobaqada o‘qituvchi va murabbiylar sportning mini-futbol, shaxmat, shashka, stol tennisi va voleybol turlari bo‘yicha o‘zaro kuch sinashdi. Mazkur musobaqaning quyi bosqichlarida 16 ming 559 nafardan ortiq ta’lim muassasalarining xodimi ishtirok etdi.

“Kasaba uyushmasi kubogi” sport musobaqalarining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichida umumjamoa hisobida Qo‘ng‘irot tumani birinchi, Kegeyli tumani ikkinchi, Chimboy tumani uchinchi o‘rinni egalladi. Shuningdek, stol tennisi bo‘yicha ayollar o‘rtasida Taxiatosh tumanidan Yulduz Xudaybergenova,  erkaklar o‘rtasida Ellikqal’a tumanidan Ixtiyor Qurbanov, shaxmat bo‘yicha ayollar o‘rtasida Chimboy tumanidan Gulsao‘ir Bekmuratova, erkaklar o‘rtasida Nukus shahridan Polat Seytnazarov, shashka bo‘yicha ayollar o‘rtasida Xo‘jayli tumanidan Gulchehra, erkaklar o‘rtasida  Qorao‘zak tumanidan Dao‘letali  Tajimuratov, voleybol bo‘yicha Taxtako‘pir tumani, mini futbol bo‘yicha Xo‘jayli tumani jamoalari g‘olib bo‘ldi.

G‘olib va sovrinli o‘rin egalariga O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Yoshlar siyosati va sport vazirligining diplom, pul mukofotlari hamda qimmatbaho sovg‘alari  topshirildi.

Dovud ABIBULLAEV,  

Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA