Joriy yilning 5-11 aprel kunlari Toshkent shahrida “Parij-2024” Olimpiya o‘yinlarining ayollar futboli bo‘yicha Osiyo mintaqasi saralash bosqichi «A» guruhidan o‘rin olgan jamoalar o‘rtasidagi uchrashuvlar bo‘lib o‘tadi.

Bugun 4 aprel kuni poytaxtimizdagi «Paxtakor» o‘yingohida ushbu uchrashuvlar oldidan jamoalarning bosh murabbiylari va futbolchilari ishtirokida matbuot anjumani tashkil etildi. Anjuman avvalida Osiyo futbol konfederatsiyasi va tashkiliy qo‘mita vakillari tomonidan ishtirokchilarga turnirga oid ayrim masalalar yuzasidan tushuntirish va ko‘rsatmalar berib o‘tildi. Shundan so‘ng murabbiy va futbolchilar jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob berdi.

– Biz bu o‘yinlarga qadar bir yil mobaynida o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini o‘tkazdik. O‘rtoqlik uchrashuvlarida maydonga tushdik. Umuman olganda, bu bosqichga yetarlicha tayyorgarlik ko‘rdik, deb o‘ylayman. Raqiblarimizni o‘rganib bordik va futbolchilarga ular haqida ma’lumotlar berib keldik. Xorijda tajribali jamoalarga qarshi o‘yin o‘tkazdik. Doimiy ravishda o‘yinimizni tahlil qilib bordik. Bu o‘yinlar bizga mazkur bosqichda yordam beradi, deb o‘ylayman. Raqiblarimizni kuchsiz hisoblamaymiz. Jamoamiz a’zolarida raqibni mensimaslik, degan tushuncha yo‘q. Ular bu o‘yinlarda raqiblarni hurmat qilgan holda maydonga tushadilar, – deydi savollarga javob berish asnosida O‘zbekiston ayollar milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Midori Honda.

Bosh murabbiy tarkibdagi futbolchi qizlar orasida yo‘qotishlar yo‘qligi, jarohat olganlar ham sekin-astalik bilan tarkibga qaytayotgani xususida aytib o‘tdi.

Terma jamoamiz a’zosi Kamila Zaripova saralash bosqichiga qadar yetarli tayyorgarlik ko‘rilgani, xorijda o‘tkazilgan o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari davomida ko‘plab kuchli jamoalarga qarshi o‘tkazilgan o‘yinlar haqida so‘zlab berdi.

– Jamoaning ichki muhiti haqida gapirsam, hammasi yaxshi holatda, – deya ta’kidladi K.Zaripova. – Biz bir-birimizni qo‘llab-quvvatlagan holda harakat qilmoqdamiz. Barcha o‘yinlarda g‘alaba qozonishni maqsad qilganmiz.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston ayollar milliy terma jamoasi ertaga Butan jamoasiga qarshi uchrashuv bilan saralash bosqichidagi ishtirokini boshlaydi. Mamlakatimiz ayollar terma jamoasi “Parij-2024” Olimpiya o‘yinlarining Osiyo mintaqasi ilk saralash bosqichida shuningdek, Iordaniya va Sharqiy Timor jamoalari bilan kuch sinashadi.

N.Rahmonova, O‘zA