Xalqaro dzyudo federatsiyasi sportchilarning “Parij-2024” Olimpiadasi uchun yangilangan reytingini e’lon qildi.
Ahamiyatlisi, mazkur reytingga ko‘ra O‘zbekiston terma jamoasining 15 nafar a’zosi kelgusi yilgi yozgi Olimpiya o‘yinlarining litsenzion hududidan o‘rin egallagan.
O‘zbekiston erkaklar terma jamoasi a’zolari olimpiya tizimida to‘liq tarkibda e’tirof etilgan bo‘lsa, qizlar terma jamoasining 4 nafar a’zosi “Parij-2024”ga yo‘llanma beruvchi tizimda qayd etilgan.
Reytingda “Tokio-2020” Olimpiadasi g‘olibi va jahon chempioni Davlat Bobonov o‘z vaznida yetakchilik qilmoqda. Alisher Yusupov va Diyora Keldiyorova o‘z vaznlarida 3-o‘rinni egallashgan. Muzaffarbek To‘raboyev, Shahram Ahadov, Obidxon No‘’monov, Murodjon Yo‘ldoshev, Shohrux Baxtiyorov kuchli o‘nlikdan, Dilshodbek Baratov, Muhriddin Tilovov, Sardor Nurillayev, Sita Qadamboyeva, Gulnoza Matniyozova yigirmatalikdan hamda Sharofiddin Boltaboyev va Halimajon Qurbonova o‘ttiztalik qatordan joy olishgan.
Shu o‘rinda aytish kerakki, “Parij-2024” Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanmalar taqdim etish tizimi 2024 yil 23 iyungacha davom etadi.
Xalqaro dzyudo federatsiyasi nizomiga muvofiq, milliy terma jamoalarda bir vaznda ikki yoki undan ko‘p sportchi litsenzion hududda bo‘lsa, Olimpiya o‘yinlarining ishtirokchisi terma jamoa murabbiylar shtabi qaroriga binoan belgilanadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA