Turkiyaning Antaliya shahrida dzyudo bo‘yicha poyoniga yetgan «Katta dubulg‘a» musobaqasida ikkinchi tarkib bilan ishtirok etgan mamlakatimiz dzyudochilari bitta bronza medalini qo‘lga kiritdi.
“Parij-2024” Olimpiadasi hamda jahon reytingi uchun ochkolar o‘ynalgan mazkur turnirda 52 kg. vazn toifasida kurash olib borgan hamyurtimiz Sita Qadamboyeva saralash musobaqalarini muvaffaqiyatli yakunlab, bronza medaliga sazovor bo‘ldi.
Xalqaro turnir yakuniga ko‘ra, 83 davlat vakillari qatnashgan musobaqada umumjamoa hisobida O‘zbekiston terma jamoasi Qadamboyevaning sovrindor bo‘lishi hisobiga 22-o‘rindan joy oldi. Bu, dunyodagi kuchli dzyudo jamoalari orasida O‘zbekiston sportchilarining o‘z o‘rni borligini ko‘rsatdi.
Turnirda 26 ta mamlakat vakillari u yoki bu darajadagi medallarga ega chiqqan bo‘lsa, 57 ta davlat sportchilari bironta ham sovrinli o‘rinlarni egallay olmadi.
Eslatib o‘tamiz, Antaliyada o‘tgan bahslarda 600 dan ziyod dzyudochi kurash olib bordi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA