Toshkentda 3-5 mart kunlari dzyudo bo‘yicha “Katta Dubulg‘a” turniri o‘tkaziladi. Dunyoning 51 davlatidan 370 nafardan ziyod sportchi, 100 nafar atrofidagi sport mutaxassislari ushbu kunlari poytaxtimizda jam bo‘ladi.
Poytaxtimizdagi “Yunusobod” sport majmuasida o‘tkaziladigan qiziqarli dzyudo bellashuvlari bir qator xalqaro telekanallar hamda internet tarmoqlari, rasmiy veb-saytlar orqali dunyoning yuzdan ziyod davlatlarida namoyish etiladi.
Xalqaro dzyudo federatsiyasi taqvimidagi “Katta Dubulg‘a” musobaqasi mukofot jamg‘armasi 154 ming yevro etib belgilangan bo‘lib, musobaqalarda g‘olib va sovrindor bo‘lgan sportchilar medal va sertifikatlar qatori ma’lum miqdordagi pul mukofotlariga sazovor bo‘ladi.
“Katta Dubulg‘a” turnirining g‘olib va sovrindorlari “Parij-2024” Olimpiya o‘yinlari yo‘lidagi qimmatli reyting ochkolarini ham qo‘lga kiritadi.
Musobaqalar davomida 196 nafar erkak va 176 nafar ayol dzyudochi 14 ta vazn toifasida kurash olib boradi. Bahslar davomida 1-o‘rinni qo‘lga kiritgan sportchi Olimpiya reytingi uchun 1 000 ochko, 2-o‘rin 700, 3-o‘rin 500 ochko jamg‘arishga muvaffaq bo‘ladi.
O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, ushbu “Katta Dubulg‘a” turnirida 28 nafar erkak va 28 nafar ayol dzyudochilarimiz sovrinli o‘rinlar uchun tatamiga chiqadi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA