Toshkentda “Ready4Trade” Markaziy Osiyo loyihasi doirasida tashkil etilgan tovarlarning kelib chiqishi to‘g‘risidagi sertifikatlarning elektron almashinuvi bo‘yicha mintaqaviy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Ma’lumot o‘rnida aytish kerak, “Ready4Trade” Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan va Xalqaro savdo markazi turli mamlakatlardagi sheriklari bilan yaqin hamkorlikda amalga oshirayotgan to‘rt yillik loyiha. Mazkur g‘oya mintaqa mamlakatlarida xalqaro savdoni rag‘batlantirish orqali Markaziy Osiyoning umumiy barqaror va inklyuziv iqtisodiy rivojlanishiga hissa qo‘shadi. Hukumatlar, kichik va o‘rta biznes korxonalari, xususan, ayollar tomonidan boshqarilayotgan korxonalar va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlovchi tashkilotlar loyiha benefitsiarlari hisoblanadi.
Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston hukumatlari vakillari, tovarlar kelib chiqishini sertifikatlash bo‘yicha mutaxassislar, shuningdek, Xalqaro savdo palatasi va Xalqaro savdo markazi ekspertlari ishtirok etgan tadbirda savdo operatsiyalarini raqamlashtirish, qog‘ozsiz savdo tartibini joriy etish muhimligi alohida qayd etildi. Bu, o‘z navbatida, tashqi savdo tartibotidan, chegaradan o‘tishni osonlashtiradi, savdoni rivojlantirishga ko‘maklashadi.
Xalqaro savdo palatasi ekspertlari Markaziy Osiyo davlatlari doirasida elektron sertifikatlashtirish tizimini o‘zaro qo‘llash tartibini joriy etish tashabbusi transchegaraviy elektron tijoratni rivojlantirish, mintaqaviy darajada raqamli savdo ekologik tizimini yaratishga ko‘maklashishga qaratilganini ta’kidladi.
Alohida mavzularga bag‘ishlangan sessiyalarda vakolatli va tegishli idoralar vakillari tovarlar kelib chiqishini sertifikatlashtirish tartibini joriy qilish va yuritish bo‘yicha tajriba almashdi. Shu bilan birga sohada innovatsion raqamli texnologiyalarni qo‘llash masalasi muhokama qilindi.
Tomonlar Markaziy Osiyoda o‘zaro savdo tartib-qoidasini yengillashtirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish maqsadida ilg‘or tajribani o‘rganish, mavjud kamchiliklarni aniqlash bo‘yicha manfaatdor idoralar vakillari hamkorligida ish olib borish muhimligini ma’qulladilar.
Qayd etish joiz, tovar kelib chiqishi to‘g‘risidagi sertifikatning elektron almashinuvi joriy etilishi chegaralarda mazkur sertifikatlarni so‘rash, qayta ishlash, topshirish va qabul qilish samaradorligini oshiradi. Qolaversa, korxonalar tomonidan chegaradan o‘tishda eksport tartib-qoidasiga rioya qilish uchun zarur vaqtni qisqartirib, jarayonning xavfsizligini oshiradi. Mazkur hujjatni chiqaruvchi idora va hududiy bojxona ma’muriyati o‘rtasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish va faoliyat samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
O‘zA