Janubiy Koreya o‘zining harbiy josus yo‘ldoshini koinotga 2023 yil noyabrda uchirishni rejalashtirmoqda. Yonhap agentligi mudofaa xaridlari milliy boshqarmasi ma’lumotlariga tayanib shu haqda yozmoqda.
Xabarda ta’kidlanishicha, juma kuni boshqarma vakillari parlamentda ma’ruza taqdim etgan. Mazkur o‘n yillikning o‘rtalariga kelib Seul xuddi shunday apparatlarning sonini beshtaga yetkazmoqchi. Josus yo‘ldoshlarining Yer orbitasida paydo bo‘lishi janubiykoreyalik harbiylarning KXDR armiyasini kuzatib borish imkoniyatlarini mustahkamlaydi. Loyihaning umumiy qiymati 927 million dollarni tashkil etadi, deb qo‘shimcha qilgan agentlik.
O‘tgan yili shimolliklar o‘z josus yo‘ldoshini yaratishning yakuniy bosqichiga aloqador bo‘lgan raketani uchirgan edi. Shimoliy Koreya hukumatining ta’kidlashicha, josus yo‘ldosh yaratish ishlarini 2023 yil aprelda yakunlash rejalashtirilmoqda.