Keyingi yillarda respublikamizda ichki iste’molning oshishi, iqtisodiyotning o‘sishi, aholi sonining ko‘payishi va ko‘plab turar joy binolarining qurilishi energiya resurslariga bo‘lgan ehtiyojni ortishiga olib kelmoqda. Bu, o‘z navbatida, yurtimiz yer qaridagi mavjud tabiiy boyliklarni izlab topish, ularni qazib olish va halqqa yetkazib berishga qaratilgan geologiya-qidiruv ishlarini jadallashtirishni talab qilmoqda.

Shu sababli, “O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev boshchiligida geologiya-qidiruv ishlari dasturi doirasida 2022 yilda respublikamiz uglevodorod zaxirasini ko‘paytirish, yangi istiqbolli maydonlarni aniqlash va ularni chuqur burg‘ilashga tayyorlash borasida samarali ishlar amalga oshirildi.

Ushbu maqsadlarda o‘tgan yili Buxoro-Xiva hududida 1 ming 839 kv.km hajmda 3D seysmik qidiruv ishlari amalga oshirildi.

“Sho‘rtan” konlari guruhida amalga oshirilgan “Sho‘rtan 3D” loyihasi doirasida “Sho‘rtan” konining quyi qatlamlari bo‘yicha olingan ma’lumotlar o‘rganilib, tabiiy gaz istiqbolli resurslari 8 mlrd. kub metrga yaqin bo‘lgan “Sho‘rtan” terrigen yura pasporti tayyorlandi. Unga asosan loyihaviy chuqurligi qariyb 5000 metr bo‘lgan “Sho‘rtan” terrigen yura birinchi izlov qudug‘ida burg‘ilash ishlari bajarilmoqda.

Bundan tashqari, 3D seysmik-qidiruv ishlari natijasida tabiiy gaz resurslari 4 mlrd. kub metrdan ko‘proq bo‘lgan yangi “Karvonguzar” maydoni aniqlanib, chuqur burg‘ilashga tayyorlandi. bugungi kunda ushbu maydonda ham izlov burg‘ilash ishlari olib borilmoqda.

Gazli hududidagi mavjud konlarning quyi qatlamlarini o‘rganish, yangi istiqbolli maydonlarni aniqlash maqsadida amalga oshirilgan “Uchqir 3D” loyihasi bo‘yicha “Uchqir”, “Janubiy Akkum”, “Sharqiy Xatar”, “Harbiy Akkum” konlarining geologik modeli aniqlashtirilib, qo‘shimcha izlov-qidiruv va qazib olish quduqlarini burg‘ilashga kiritish imkonini yaratmoqda.

Shuningdek, 3D seysmik-qidiruv ishlari natijasida jami resurslari 5 milliard metr kub tabiiy gaz resursli “Nortepa” va “Rahmatbobo” maydonlari aniqlanib chuqur burg‘ilashga tayyorlandi. bugungi kunda “Rahmatbobo” maydonida burg‘ilash ishlari boshlangan bo‘lib, “Nortepa” maydonida burg‘ilashga tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.


“O‘zbekneftgaz” AJ matbuot xizmati  

O‘zA