Davlatimiz rahbari topshirig‘iga muvofiq, prokurorlar boshchiligidagi sektorlar tomonidan hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, ehtiyojmandlarning muammolarini hal etish, ishsizlarning bandligini ta’minlash, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, jinoyatchilikka qarshi kurashish kabi ko‘plab sohalarda tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuraturasi Axborot xizmatining ma’lum qilishicha, o‘tgan davr mobaynida 2-sektorlar tomonidan qayd etilgan yo‘nalishlarda ro‘yobga chiqarilgan choralar natijasida 3,3 ming nafardan ziyod fuqaroning bandligi ta’minlandi.

Bevosita 2-sektor rahbarlari tashabbusi bilan 252 ta tadbirkorlik subekti tashkil etilib, 397 ta yangi ish o‘rni yaratildi. 5 ming 106 nafar fuqaroning o‘zini o‘zi band qilishi ta’minlanib, ularning 649 nafariga 2 milliard 102 million so‘mlik subsidiya ajratildi. Shuningdek, 247 ta ehtiyojmand oilaga imtiyozli kredit asosida tikuv mashinalari olib berilib, 300 nafarga yaqin shaxsning bandligi ta’minlandi.

Xususan, Qorao‘zak tumani prokurori tomonidan hudud aholisining ijtimoiy-iqtisodiy sharoitini yaxshilash bo‘yicha 2022 yil davomida shaxsiy tashabbusi bilan o‘z mablag‘lari va homiylar yordamida jami 5 milliard 298 million so‘mlik yordam ko‘rsatilib, 1 ming 430 ta oiladagi 9 ming 150 nafar fuqaroning muammosi ijobiy hal etildi. Shu jumladan, sektor rahbari tashabbusi bilan yoshlarning muammolari, qiziqishini “fuqarobay” o‘rganish maqsadida xatlov o‘tkazilib, 1 ming 823 nafar yoshning balansi to‘liq shakllantirildi. 48 marta “Prokuror va yoshlar” sayyor qabuli o‘tkazilib muammolar ijobiy hal etildi. Shuningdek, “Besh tashabbus” loyihasi doirasida o‘tgan yil davomida jami 12 ming 170 nafar yosh ishtirokida 209 ta tadbir o‘tkazildi.

2022 yil davomida sektor hududida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish, yosh kadrlarni qo‘llab-quvvatlashdagi amaliy ko‘magi uchun Yoshlar ishlari agentligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan “Xoshamet – 2022” mukofotini topshirish marosimida Qorao‘zak tumani tumani prokurori, 2-sektor rahbari N.Djolamanov “Yilning eng tashabbuskor sektor rahbari” nominatsiyasida g‘olib deb topildi.

 

Dovud ABIBULLAEV,  

O‘zA muxbiri