Sayfiddin Muhammad Farg‘oniy XIII asrda yashab o‘tgan yetuk orifmaslak shoirlardandir. Mo‘g‘ullar istilosi oqibati va o‘sha davrdagi notinch vaziyat ushbu shoirni ijtimoiy-iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy hayotni tanqid ostiga oluvchi she’rlar yozishga undadi.

Jahon, ey Sayfi Farg‘oniy, xarob ast,

Manih raxt andar in vayron va merav.

Mazmuni: Ey Sayf Farg‘oniy, bu dunyo bir buzuq joydir. Bu vayrona joyda qolib, yashab o‘tirmaginda, o‘tib ketavergin.

Sayf Farg‘oniy o‘z vatani Farg‘onadan ko‘chib ketganidan keyin mintaqaning ayrim mamlakatlari va shaharlari tomon yo‘l oldi, bu yo‘lda Sa’diy Sheroziy va Humom Tabriziy kabi adabiyot va irfon ulug‘lari bilan tanishdi va do‘stlashdi.

Sayfi Farg‘oniy chu Sa’diy nazdi on dilbari suxan

Dur ba daryo mefiristiy, zar ba ma’dan mebariy.

Mazmuni: Sayf Farg‘oniy [ijodini] so‘z ustasi Sa’diy [ijodi] oldiga olib borib, taqqoslashtirsang, xuddi [dur bilan to‘la] dengizga dur va [oltin bilan to‘la] konga oltin olib borgandek bo‘lasan.

Uning she’rlari forsiy she’riyatdagi Xuroson uslubi ta’sirida shakllangan bo‘lib, sodda, ravon va go‘zaldir.

Sayfi Farg‘oniy az she’r asal mesozad.

Mazmuni: Sayf Farg‘oniy she’rdan asal yasaydi.

Sayf Farg‘oniy o‘zidan g‘azallar, qasidalar, qit’alar va ruboiylardan iborat bo‘lgan o‘n bir ming bayt she’rlar to‘plami qoldirgan. Alloh taoloni hamd etish va Payg‘ambar (s.a.v.)ni ulug‘lash bilan boshlanadigan Sayf Farg‘oniy she’rlarining asosiy mavzularini o‘z zamonasining ijtimoiy muammolarini tanqid qilish, xalqqa va hukmron tabaqalar vakillariga pand-nasihat qilish tashkil etadi.

On xudovande, ki olam oni o‘st

Jismu jon dar qabzayi farmoni o‘st.

Mazmuni: Bizning jismimiz va ruhimiz olamning egasi bo‘lgan xudovandning ixtiyoridadir.

Sayfi Farg‘oniy irfoniy suluk yo‘liga kirganligi va xonaqohda doimiy toat-ibodatga kirishganligiga qaramasdan mo‘g‘ul istilosining hamda mo‘g‘ullar tomonidan tayinlangan hokimlar xunrezligining oqibati bo‘lmish o‘z davrining notinch vaziyatini tanqid ostiga olib, unga malomatlar yog‘diradi. Bu shoirni mo‘g‘ullar hukmronligi davrining eng siyosiy va eng ijtimoiy shoiri deb atash mumkin.

Ham marg bar jahoni shumo niz meguzarad,

Ham ravnaqi zamoni shumo niz meguzarad.

Mazmuni: O‘lim ham bir kuni sizning olamingizga kirib boradi, sizning gullab-yashnagan bu davru davronlaringiz ham bir kuni o‘tib ketadi.

Zulm, zolimlik va zolimlarni malomat qilish uning she’riyatiga xos xususiyatlardan yana biridir.

Ey qavm, dar in azo bigired,

Bar kushtayi Karbalo bigired.

Mazmuni: Ey odamlar, bu azoda yig‘langlar, Karbaloda shahid bo‘lganlarga yig‘langlar.

Sayf Farg‘oniy Attor, Sanoiy va Sa’diy Sheroziy kabi shoirlarning ixlosmandlaridan bo‘lib, o‘zining ko‘pgina she’rlarida Sa’diyni o‘z ustozi sifatida eslatadi.

Sayfi Farg‘oniy birav tasdiqi Sa’diy kun, ki guft:

«Man badin zeboiyu xo‘biy nadidam ro‘yro».

Mazmuni: Sayf Farg‘oniy, borginda, «Men haligacha bunchalik go‘zal va yoqimli yuzni ko‘rmagan edim», degan Sa’diyning aytganlarini tasdiqlagin.

Manavis va mago‘y, Sayfi Farg‘oniy,

K-in qissa digar bayon namexohad.

Mazmuni: Yozmagin va aytmagin, Sayf Farg‘oniy. Chunki bu qissani boshqa bayon qilish kerak emas.

Sa’diy kabi Sayf Farg‘oniy ham doimo zavq-shavq bilan she’r yozdi.

Shubhasiz, Sayf Farg‘oniy kabi o‘tmishda yashab o‘tgan olimlar, shoirlar va boshqa mutafakkirlar hayoti va ijodini o‘rganish, ularga hurmat bajo keltirish ular tomonidan qoldirilgan qimmatli merosning kelajak avlodlarga yetkazilishida muhim o‘rin tutadi, deya u haqda fikr bildiradi Eron Islom Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi Hamid Nayyirobodiy.


O‘zA