O‘zbekistonda 782 ming yoki aholining 2,4 foizini nogironligi bo‘lgan shaxs sifatida pensiya va nafaqa oluvchilar (shundan 376 ming nafari I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar) tashkil etadi.

Ularning ijtimoiy himoyasini ta’minlash, turmush hamda hayot darajasini oshirishga doimiy e’tibor qaratilmoqda.

Ijtimoiy adolat tamoyilidan kelib chiqib nogironligi bo‘lgan shaxslarning daromadini oshirish hamda mehnatini munosib qadrlash, fuqarolarning pensiya ta’minoti bo‘yicha qonun hujjatlarini amaliyotda qo‘llashda yuzaga kelayotgan turli xil yondashuvlarning oldini olish maqsadida “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining qonuniga pensiya tayinlash tartibini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun ishlab chiqildi.

Senat yalpi majlisida muhokama qilingan mazkur qonunga muvofiq, 2023 yil 1 yanvardan boshlab I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarning pensiya tayinlanganidan keyingi kamida bir yillik ish staji va ish haqi miqdoridan kelib chiqib, har ikki yilda bir marotaba tayinlangan pensiya qayta hisoblanadi hamda pensiya miqdoriga qo‘shib boriladi.

Amaldagi qonunchilikka esa nogironlik pensiyasi olayotgan fuqaro pensiya yoshiga yetganda yoki boquvchisini yo‘qotganda, nogironlik pensiyasini olishni davom ettirsa (boshqa pensiya turiga o‘tmasa), I va II guruh nogironlik pensiyasi tayinlangandan keyingi ish vaqtini qo‘shib nogironlik pensiyasi qayta hisoblanmaydi.

Qonun qabul qilinsa, 2023 yilda (1994–2022 yillarda ish stajiga ega bo‘lgan) I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarning 75 ming nafari pensiyalariga o‘rtacha 300 ming so‘m qo‘shiladi.

Kelgusida mehnat faoliyatini olib borganlarning (bugungi kunda I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarning 43 ming nafari rasman band) pensiyasi har ikki yilda bir marotaba ish staji va oylik ish haqidan kelib chiqib, qayta hisoblab boriladi.

– Qonunchilikka kiritilayotgan ushbu yangiliklar “O‘zbekiston – ijtimoiy davlat” tamoyiliga to‘la hamohang, – dedi Senat raisi Tanzila Norboyeva. – Ayniqsa, I va II guruh nogironlik pensiyasini oluvchi ko‘plab hamyurtlarimizga to‘lanadigan pensiya miqdorlarining qayta hisob-kitob qilinishi ularga bo‘lgan yuksak e’tibor va e’zoz namunasi deyish mumkin. Alohida e’tiborga muhtoj bo‘lgan bunday hamyurtlarimizni qo‘llab-quvvatlash bundan buyon ham izchil davom ettiriladi. Qonundagi boshqa normalar ham e’tiborga molik. Shu bois qonun qabul qilinishi bilan aholining undan xabardorligini oshirish uchun barcha vositalar ishga solinishi lozim. Mutasaddi vazirlik va idoralardan bunga alohida e’tibor qaratishlarini so‘raymiz.

Qonunning qabul qilinishi amaliyotda mavjud turli xil yondashuvlarning oldini olish, korrupsiyaviy faktorlarni keltirib chiqaruvchi holatlarga barham berish, ijtimoiy adolat tamoyilidan kelib chiqib, nogironligi bo‘lgan shaxslarning daromadini oshirishga xizmat qiladi.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

N.Abduraimova, O‘zA