Toshkentda qorong‘u tushishi bilan tungi “spektakl”lar boshlanadi. “Spektakl”dan parchalar esa tonggacha internet axborot saytlarida namoyon bo‘la boshlaydi.
“Chilonzorda dahshatli YTH sodir bo‘ldi”, “Yunusobodda “Matiz” va “Kaptiva” to‘qnashib ketdi”, “Yuragi bo‘shlar ko‘rmasin, “Lasetti” haydovchisi bolakayni urib yubordi”, bu kabi sarlavhalarni kuzatib bosh roldagi qahramonlarga achinadi odam. Axir, bu teatrda emas, haqiqiy hayot sahnasida yuz bermoqda.
Biz, jurnalistlar dahshatli yo‘l transport hodisalarini tasvirlashga ishqivozmiz, lekin, ularning sodir bo‘lishi sabablariga uncha qiziqmaymiz.
Nega Toshkentda YTHlar ko‘p sodir bo‘lmoqda?
Yuzaga kelayotgan yo‘l transport hodisalarini kuzatib shunga guvoh bo‘ldikki, aksariyat YTHlar qorong‘u vaqtda sodir bo‘lgan. (27.12.2017, 01.01.2018, 04.01.2018)…
Biz birma-bir internet saytlaridagi avtomobil odam urib yuborishi va boshqa ulov bilan to‘qnashishi hamda yo‘l chetidagi to‘siqlariga urilishi xodisalarini kuzatib chiqdik. Ularning ko‘pchiligi kech tushgan vaqtga to‘g‘ri keladi.
Ichki ishlar vazirligi ma’lumot berishicha, Toshkent shahrida markazdan tashqari, mahallalarda ko‘chalarning yoritilishi qoniqarli darajada emas. Shahar ko‘chalari to‘liq yoritilsa, kechasi sodir bo‘layotgan YTHlar 10-15 foizga kamaygan bo‘lardi.
Toshkent avtomobil xalqa yo‘lining Ibn Sino qismidan boshlanib to Hasanboy, Keles yo‘l o‘tkazgichigacha bo‘lgan qismida yo‘l chetidagi simyog‘ochlarga o‘rnatilgan chiroqlar umuman yoritilmaydi. Oqibatda xalqa yo‘lining aynan shu qismida yo‘l transporti hodisasi ko‘proq sodir bo‘ladi. Odatda halqa yo‘llarida avtomobillar katta tezlik bilan harakatlanadi, yo‘llarning qorong‘u ekanligi haydovchilarga halaqit qiladi, yo‘lovchilarni ham payqamay qolish mumkin. Avtomobil halqa yo‘lining qolgan qismida ham simyog‘ochga o‘rnatilgan chiroqlar xira yoritilgan.
Shuningdek, mavsumiy yog‘ingarchiliklarda yaxshi yoritilmagan ko‘chalarda avtomobil harakatlanishi xavfsizligi yanayam kamayadi. Sababi, oddiy kunlarda avtomobil chirog‘i 50 metr uzoqlikni ushlasa, yer nam bo‘lgan holatda bu masofa 15-20 metrni tashkil etadi. Natijada YTHning ko‘payishiga yana zamin yaratiladi.
Kech tushgach Toshkent ko‘chalarini kezar ekanmiz faqatgina markaziy ko‘chalar chetidagi simyog‘ochlarga o‘rnatilgan chiroqlar to‘liq yoritilishiga guvoh bo‘ldik. Boshqa aksariyat ko‘chalardagi simyog‘ochlarning har ikkisidan biri yoki har to‘rttasidan biridagi chiroqlar yoritilgan bo‘ladi. U ham bo‘lsa xira. Qoraqamish dahasi, Ibn Sino mavzesi, Istirohat ko‘chalari, Chilonzorning ko‘pgina mavzelari multfilmdagi “porloq yo‘l sovxozi”ni eslatadi. Yana shunga guvoh bo‘ldikki, ko‘chalarda haftaning ayrim (1-2) kunlari nisbatan to‘liq yoritiladi. Qolgan kunlarda esa Toshkentning markaziy ko‘chalaridan tashqari boshqa aksariyat qismlarida yo‘lning faqatgina bir chetidagi simyog‘ochlarning ikkisidan biridagi chiroqlar yoqilgan bo‘ladi.
“Chorsu” bozorining beshik va hunarmandlar qatorida yoritish tizimining o‘zi yo‘q. Yo‘lning narigi tarafidagi simyog‘ochlardagi chiroqlar ham arang nur sochib turadi. Afsuski, ko‘chaning shu qismida aravakashlar va ulgurji sotuvchilarning kech kirishi bilan yo‘lni kesib o‘tishi ko‘payadi. Qorong‘ulikda esa, arava-yu ularning egasini ham payqamay qolish mumkin.
Toshkent ko‘chalarini kezishda davom etamiz. Simyog‘ochlardagi xira yoritilgan chiroqlar sharofati bilan ayrim yo‘llarning nomini topishga ham erisholmadik. “Cho‘pon ota”, “Shuhrat” ko‘chalari atrofida yashovchi aholi ham chala yoritilgan yo‘llarga ko‘nikib ketishgan. Ko‘chalarni taksichilardek yaxshi biladigan odam yo‘q. Ulardan poytaxt ko‘chalarini yoritilish darajasini so‘radik.
“Poytaxtimizning ko‘pgina ko‘chalari yaxshi yoritilmaydi. Piyoda yugurib chiqib qolsa ko‘rmay qolishingiz hech gap emas. Xabaringiz bor, Toshkentning ko‘pgina ko‘chalariga temir to‘siqlar o‘rnatildi. Keyinchalik esa mashinalar unga urilib YTH sodir bo‘layotgani ro‘kach qilinib, ayrim ko‘chalardan to‘siqlar olib tashlandi. Balki ko‘chalarimiz yaxshi yoritilganda yana xarajat qilib, to‘siqlarni buzish shart bo‘lmasmidi.” – deya fikr bilirdi o‘zini tanishtirishni istamagan taksi haydovchisi.
“TVda yo‘l transporti hodisasi tepasiga kelib, kim aybdorligini izlashga urinishadi-yu, hech kim ko‘chaning qorong‘uligiga e’tibor bermaydi. Mahallamizda 10 ta simyog‘ochga chiroqlar o‘rnatilgan. Shundan 2 tasi yoqiladi, qolganini yonganini ko‘rgan emasman. Qorong‘uda o‘qishdan qaytadigan farzandlarimdan xavotir olaman. Ko‘pincha bekatga chiqib poylab turaman”,– kuyunib gapiradi yana bir taksi haydovchisi.
Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Toshkentning qorong‘u ko‘chalari jinoyatchilar uchun juda qulay. Jinoyatchilar qorong‘uda kameraga tushib qolishdan yoki jabrlanuvchi ularning yuzini tanib olishidan xavfsiramaydi. Ko‘chalar yorug‘ bo‘lsa, jinoyat ham kamaygan bo‘lardi.
Toshkent shahri ko‘chalarining yaxshi yoritilmagani bu YTHlar sodir bo‘lishining yagona omili emas, albatta. Raqamlar 10-15 foiz YTH qorong‘ulik tufayli yuz berishiga guvohlik qilmoqda. Biroq, shahar chiroqlarining tunda yorqin nur sochib turmasligi aholi va sayyohlar uchun ham noqulaylik tug‘diradi. Xira tortgan chiroqli ko‘chalar bilan turizmni rivojlantirishga harakat qilayapmizmi? Chiroqlarni iqtisod qilmay, Toshkentning tungi tarovatini shahar aholisi va mehmonlariga to‘laligicha namoyon qilsak yaxshi emasmi…
Odatda jinoyat sodir etilishiga qulay sharoit yaratib berganlarni ham jinoyatga sherik deb hisoblash xato bo‘lmaydi. Bizni ma’zur tutsinlar, bu o‘rinda “Toshshaharnur” va shaharning to‘liq yoritimasligiga bepisand bo‘lgan hokimiyat vakillarini tungi jinoyatlarga sherik, deb hisoblaymiz. “Toshshaharnur” xodimi bilan mazkur masala haqida bir oy avval gaplashgandik biroq, ko‘chalarda o‘zgarish sezilgani yo‘q.
Poytaxt ko‘chalari chiroqlariga mas’ul bo‘lgan “Toshshaharnur” xodimining aytishicha Toshkent katta halqa yo‘li mazkur tashkilotga qaramaydi. “Nurafshon” ko‘chasida esa avariya sodir bo‘lgan va bu tez orada bartaraf etiladi. Umuman, yaxshi yoritilmagan ko‘chalarga kelsak, ular bu kamchilikni tan oladilar. Biroq, yaxshilashga shoshilayotganlari yo‘q. “Toshshaharnur”dan “Simyog‘ochlardagi chiroqlar yangi turlariga almashtirilyapti, bajarilyapti, tez orada yaxshilanadi” kabi odatiy javobni oldik. Tashkilot va’da berib turaversin. Bajaryapmiz, amalga oshirayapmiz, deb yurgunimizcha zimiston ko‘chalar sabab, kimdir bexosdan qotilga, yana kimdir qurbonga aylanib bormoqda. Jinoyatchilar esa nazarimizda yaratilgan sharoitdan mamnun.