Qoraqalpog‘iston Respublikasi pedagoglarni yangi metodikalarga o‘rgatish milliy markazida joriy o‘quv yilida amalga oshirilgan ishlar va yangi o‘quv yilidagi vazifalarga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Ta’kidlaganidek, o‘tgan o‘quv yilida maktabgacha, umumiy o‘rta va maktabdan tashqari davlat va nodavlat ta’lim muassasalarining rahbar, mutaxassis va pedagog xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish, uzluksiz kasbiy ta’limni rivojlantirish borasida qator ishlar amalga oshirildi.
Maqsad, o‘quv-tarbiya jarayonini davlat ta’lim talablariga muvofiq yuqori ilmiy-metodik darajada ta’minlash, ilg‘or pedagogik va axborot texnologiyalari, shuningdek, o‘qitishning interaktiv usullari bo‘yicha kasbiy va pedagogik mahoratni doimiy ravishda rivojlantirishga ko‘maklashish uchun zarur bo‘lgan kasbiy bilim va ko‘nikmalarni muntazam ravishda yangilab borishdan iborat. Shuningdek, o‘quv-tarbiya jarayonini tashkil etishning yangi tamoyillari va zamonaviy usullarini joriy etish, pedagoglarni yangi metodikalarga o‘rgatish, ularda zarur ko‘nikmalarni shakllantirish, malaka talablari, normativ-huquqiy hujjatlar bilan tanishtirib borish hisoblanadi.
Pedagogik markazda tillarni o‘qitish, ijtimoiy-iqtisodiy fanlar, aniq va tabiiy fanlar, maktabgacha, boshlang‘ich va maxsus ta’lim metodikalari, pedagogika, psixologiya va ta’lim texnologiyalari, amaliy fanlar va maktabdan tashqari ta’lim metodikasi kafedralari faoliyat olib bormoqda.
“Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili” Davlat dasturida belgilangan vazifalardan kelib chiqqan holda, markazning “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqildi va yil davomida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar belgilab olindi. Professor-o‘qituvchilar Davlat dasturidan kelib chiqqan holda tashkil etilayotgan xalqaro va respublika miqyosidagi ilmiy-amaliy konferensiyalarda faol ishtirok etib kelmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirining 2022 yil 18 yanvardagi buyrug‘i bilan tasdiqlangan tayanch o‘quv rejasi, o‘quv dasturlariga asoslanib, ishchi o‘quv-reja, ishchi o‘quv dasturlari va o‘quv-tematik rejalar tayyorlandi va Ilmiy-metodik kengash tomonidan tasdiqlandi. Professor-o‘qituvchilar BMTning YUNISEF, YUNFPA kabi tashkilotlarning xalqaro loyihalarida faol ishtirok etib kelmoqda.
Anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 25 yanvardagi “Xalq ta’limi sohasidagi ilmiy-tadqiqot faoliyatini qo‘llab-quvvatlash hamda uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida mamlakatimizda o‘quvchilarni PISA, PIRLS, TIMSS xalqaro tadqiqotlarga tayyorlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, uzluksiz kasbiy rivojlantirish elektron ta’lim platformasi va uning afzalliklari to‘g‘risida ma’lumotlar berildi va muhokama qilindi.
Hududiy markazning 2022 yil birinchi yarim yili uchun malaka oshirish kurslar rejasi 30 ta yo‘nalish bo‘yicha 16800 nafar tinglovchi qilib belgilangan edi. Lekin ayrim bayram kunlari xodimlarning dam olish kunlarini ixchamlashtirish maqsadida qo‘shimcha dam olish kunlarining berilishi hisobidan tashkil etilmay qolgan uzluksiz kasbiy rivojlantirish kurslarining boshqa vaqtga ko‘chirilishi sababli 6 oylik reja 16005 tinglovchiga teng bo‘ldi. Bundan tashqari, jami 166 tinglovchi qayta tayyorlash kurslariga qabul qilindi.
Tadbir ishtirokchilari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA