Prezident Shavkat Mirziyoyev aholi hayoti va yirik sanoat loyihalari bilan tanishish maqsadida 12 avgust kuni Toshkent viloyatining Bekobod shahriga tashrif buyurdi.

Mamlakatimizda barcha soha va tarmoqlarni tubdan yangilash va modernizatsiya qilish bo‘yicha tinimsiz izlanishlar olib borilmoqda. Biror-bir yo‘nalish yoki tarmoq yo‘qki, xalqimiz hayotini yaxshilashga qaratilgan keng qamrovli islohotlar kirib bormagan, uning mazmunini o‘zgartirmagan bo‘lsa.

Yangi O‘zbekistonning yangi qiyofasini, xalqimizning tom ma’nodagi zamonaviy tarixini barpo etish yo‘lida ulkan marralar olindi. Natijada innovatsion iqtisodiyotni rivojlantirish, sanoatga yuqori texnologiyalarni joriy etish, qulay investitsiyaviy muhitni yaratish yo‘lida yangi-yangi imkoniyatlar paydo bo‘lmoqda.

Bekobod shahrining iqtisodiy-ijtimoiy rivojida O‘zbekiston metallurgiya kombinatining o‘rni katta. Uning tarkibida o‘nlab korxonalar, ijtimoiy muassasalar bor. Kombinatda 11 ming kishi ishlaydi.

Shu bois uning faoliyatini kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. So‘nggi yillarda qator investitsiya loyihalari amalga oshirilib, yangi sexlar ishga tushirildi, borlari modernizatsiya qilindi.

Ulardan biri – navli prokat majmuasi. Qariyb 5 million dollarlik loyiha evaziga bu yerga xorijdan termo-mustahkamlash liniyasi keltirilib, joriy yil fevralda ishga tushirildi. Bu orqali yiliga 500 ming tonna A500-A800 markali armatura ishlab chiqarish quvvati yaratildi.

Davlatimiz rahbari kombinatga tashrifi chog‘ida ushbu majmuani kirib ko‘rdi, loyihaning iqtisodiy samaradorligi bilan qiziqdi.

Avvalo, termo-mustahkamlash jarayonida kimyoviy moddalar tejalgani hisobiga armatura tannarxi kamaygan. Yiliga 300 million dollarlik import o‘rnini to‘ldirish hisob-kitob qilingan.

Yana bir muhim jihati, bu armatura xalqaro DIN standarti sertifikatini qo‘lga kiritgan. Endi ushbu mahsulotni Yevropaga eksport qilish rejalashtirilgan.

Prezident kombinatdagi yana bir muhim loyiha – Quyuv prokat majmuasining qurilish maydonida bo‘ldi.

672 million yevrolik ushbu loyiha natijasida yiliga 1 million tonna po‘lat listlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Mazkur loyiha ishga tushgach, kombinat quvvatlari 2 baravarga oshadi.

bugungi kunda majmua uchun temir yo‘l va avtomobil yo‘li qurilishi yakunlanib, temir-beton konstruksiyalari o‘rnatilmoqda. Italiyaning «Danieli» kompaniyasi tomonidan zarur uskunalar keltirilmoqda. Uni 2024 yilda ishga tushirish rejalashtirilgan.

Davlatimiz rahbari buni jadallashtirish va korxonani kafolatlangan xomashyo bilan ta’minlash zarurligini ta’kidladi.

– O‘z vaqtida bu kombinat uchun 800-900 ming tonna ikkilamchi qora metallni qayta ishlash yetarli edi. Lekin bugungi kunda iqtisodiyotimizda qora metallga bo‘lgan talab 4 million tonna. Uning ham 50 foizi import hisobidan qoplanmoqda. Shuning uchun bu korxonani tezroq ishga tushirsak, iqtisodiyotimizga katta manfaat beradi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlatimiz rahbari ushbu loyihada ishtirok etayotgan Turkiyaning «Renaissance Heavy Industries» va Italiyaning «Danieli» kompaniyalari rahbarlari bilan ham suhbatlashdi.

Shundan so‘ng O‘zbekiston metallurgiya kombinatida ushbu sohani rivojlantirish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Ushbu kombinat ilgari mamlakatimizda qora metallurgiya sohasidagi yagona korxona edi. So‘nggi besh yildagi islohotlar natijasida 200 ta yangi korxona tashkil etildi. Ularda 25 mingdan ziyod aholi mehnat qilmoqda. O‘tgan yilning o‘zida sohada 16 trillion so‘mlik tovarlar tayyorlangan. Temir va temir mahsulotlari ishlab chiqarish 1,8 barobar o‘sib, 2 million tonnadan ko‘paygan.

Shu bilan birga, yurtimizda bunyodkorlik ishlari, sanoat loyihalari hali ko‘p. bugungi kunda barcha sohalarda yiliga 4 million tonna qora metall ishlatilmoqda. Xususan, metallga ketadigan xarajatlar ulushi uy-joy qurilishi tannarxida 15 foizni, mashinasozlikda 40 foizni tashkil qilmoqda.

2026 yilga borib, mamlakatimiz iqtisodiyoti ehtiyojlari uchun 6 million tonnaga yaqin metall kerak bo‘lishi hisob-kitob qilingan. Qolaversa, jahon iqtisodiyotidagi murakkab vaziyat, logistika zanjiridagi uzilishlar yirik metallurgiya korxonalari faoliyatiga ham qiyinchilik tug‘dirmoqda.

Davlatimiz rahbari bu sharoitda faqat o‘z metallurgiya sanoatimizni jadal rivojlantirish orqali maqsadga erishish mumkinligini ta’kidladi. Bu boradagi to‘rtta asosiy vazifa ko‘rsatib o‘tildi.

Birinchisi – metall ishlab chiqaruvchi korxonalarni xomashyo bilan kafolatli ta’minlash. Ikkinchisi – barcha hududlarda metall ishlab chiqaruvchi korxonalar tashkil bo‘lishini qo‘llab-quvvatlash. Uchinchisi – yuqori qo‘shilgan qiymat yaratadigan sanoat tarmoqlari uchun zamonaviy metall konstruksiyalar ishlab chiqarish. To‘rtinchisi – malakali kadrlar tayyorlash, ilm-fan va innovatsiyani rivojlantirish.

Bosh vazir maslahatchisi B.Islomov mamlakatimizda 1 milliard 200 million tonna temir rudasi zaxiralari borligini qayd etdi.

Yangi konlarda, shu jumladan, Qorao‘zakdagi “Tebinbuloq” konida olib borilayotgan ishlar haqida hisobot berdi.

Ikkinchi masala haqida so‘z borar ekan, sohadagi korxonalarni rivojlantirish va ularning negizida sanoat klasterlarini tashkil qilish zarurligi ta’kidlandi.

Prezident hududlardagi shunday korxonalar rahbarlari bilan muloqot qildi. Ularning import qilinadigan metall xomashyosi va O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan uskunalarni bojxona bojidan ozod qilish, xorijlik malakali mutaxassislarning yurtimizda ishlashi uchun soddalashgan viza berish takliflarini ko‘rib chiqishga mutasaddilarga ko‘rsatma berdi.

Uchinchi yo‘nalishga ko‘ra, kelgusi yilda 500 million dollarlik mahsulotlarni mahalliylashtirish vazifasi qo‘yildi. Mutasaddilar bu borada 204 ta loyiha taklifi ishlab chiqilganini ma’lum qildi. Bu yo‘nalishni qo‘llab-quvvatlash maqsadida mahalliylashtirilgan yangi mahsulotlar davlat korxonalari tomonidan kafolatli xarid qilinishi belgilandi.

Davlatimiz rahbari sohada ta’lim va ilm-fanni rivojlantirish uchun “O‘zmetkombinat”da Metallurgiya ilmiy markazini tashkil etish, Geologiya universitetida qora metallar ilmiy laboratoriyasi, Navoiy konchilik hamda Toshkent texnika universitetlari qoshida texnoparklar ochish taklifini bildirdi. Shuningdek, nufuzli xorijiy kompaniyalar va injiniring markazlarida yosh mutaxassislar malakasini oshirish zarurligi ta’kidlandi.

Videoselektor yig‘ilishida viloyat hokimlari, kon-metallurgiya kombinatlari jamoasi, tadbirkorlar va xorijiy hamkorlar ishtirok etdi.

Shavkat Mirziyoyev Bekobod shahriga tashrifi davomida «Metallurg» futbol klubi qoshidagi «El Golazo» futbol akademiyasida ham bo‘ldi.

Ushbu maktab Ispaniyaning taniqli «Real Madrid» klubi jamg‘armasi ko‘magida tashkil etilgan bo‘lib, o‘tgan yili oktyabrda faoliyat boshlagan. Tabiiy va sun’iy chimli stadionlar, fitnes zali, o‘quv binolari va yotoqxonada zamonaviy sharoitlar yaratilgan. O‘quv-mashg‘ulotlari “Real Madrid” futbol klubi an’analariga mos ravishda olib boriladi. Murabbiylarning uch nafari ispaniyalik.

bugungi kunda akademiyada 200 nafardan ortiq o‘quvchi saboq olmoqda. Bu yerda o‘qish istagidagi yoshlar ko‘p. Shu bois 11 yoshdan 17 yoshgacha bolalar tanlov asosida qabul qilinadi. Yaqinda 48 nafar iqtidorli tarbiyalanuvchi Ispaniyada mahorat oshirib keldi.

Davlatimiz rahbari akademiyada yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi, bolalar bilan suhbatlashdi.

– Shunday zamonaviy sharoitlarda o‘qiyotganingiz, yonib turgan ko‘zlaringizni ko‘rib, xursand bo‘ldim, – dedi Prezident. – Kelgusida sizlardan mashhur futbolchilar, chempionlar yetishib chiqishiga ishonaman. Eng muhimi, sog‘lom bo‘lib ulg‘ayasiz, farzandlaringizni ham sportga oshno qilib tarbiyalaysiz. Maqsadimiz – yoshlar o‘rtasida ana shunday muhitni shakllantirish.

Davlatimiz rahbari mutasaddilarga bu futbol maktabi tajribasini ommalashtirish bo‘yicha ko‘rsatma berdi.

Bekobodlik nuroniylar, sektorlar rahbarlari, hokim yordamchilari, yoshlar yetakchilari va xotin-qizlar faollari bilan ham samimiy suhbat bo‘ldi. Yangi “mahallabay” tizimini joriy etish, tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish, fuqarolar muammolarini hal qilish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida fikr almashildi.

Shu bilan Prezident Shavkat Mirziyoyevning Bekobod shahriga tashrifi yakunlandi.

Ziyodulla JONIBEKOV,

Ikrom AVVALBOEV,

O‘zA muxbirlari