Sohibqiron Amir Temur yuksak harbiy salohiyati tufayli janglarda doim g‘olib chiqqan. Ulug‘ sarkarda o‘z askarlarini “shunqorlar” deb atagan. Bir shunqor dushmanning 30-40 askariga teng kelgani tarixiy manbalarda bayon etilgan.

Ana shunday shunqorlar bugungi kunda kerakmi? Albatta, yurt himoyasi uchun har tomonlama chiniqqan shunqorlar qancha ko‘p bo‘lsa, shuncha yaxshi. Shuning uchun ham yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash maqsadida “Shunqorlar” harbiy-sport musobaqalari tashkil etib kelinadi.

Musobaqa jarayonida ishtirokchilar safda yurish, qo‘shiq aytish, jangovar qurolni qismlarga ajratish va yig‘ish, nishonga o‘q uzish, granata uloqtirish, to‘siqlardan o‘tish, yugurish, turnikda tortilish kabi harbiy-jismoniy mashqlarni bajaradi. Shu bilan birgalikda ular huquqshunoslik, siyosatshunoslik va harbiy intizom bo‘yicha ko‘plab savollarga ham javob beradi.

Musobaqa ishtirokchilari o‘rgangan bilimlarini turli xil ekstremal sharoitlarda qo‘llay olish, topografik xaritani o‘qish, tabiiy sharoitda yashirinish-niqoblanish, shuningdek, qo‘l jangi va o‘z-o‘zini qurolsiz himoya qilish mashqlariga o‘rgatiladi.

Bu jarayonda yoshlarning harbiy kasblarga qiziqishi ortadi. Tartib-intizom, iroda, mas’uliyat kabi harbiy-psixologik sifatlari rivojlanadi. Kuch, tezlik, chaqqonlik, chidamlilik kabi jismoniy imkoniyatlari ham oshadi. Bu esa, o‘z navbatida, ularning Vatan himoyachisi bo‘lishiga zamin yaratadi.

O‘g‘il bola borki, o‘zini kuchli, irodali ko‘rishni, oilasi, yurti uchun qalqon bo‘lishni bolalikdan istaydi. Bu istakni ro‘yobga chiqarishda esa “Shunqorlar” muhim o‘rin tutadi. Shuning uchun ham farzandlarimizda bu musobaqaga qiziqish kuchayib bormoqda.

Bugungi kunda Toshkent shahri Chilonzor tumani Mudofaa ishlari bo‘limi tomonidan barcha maktabgacha ta’lim muassasalari, umumiy o‘rta ta’lim maktablari, kasb-hunar kollejlari, akademik litseylar, mahallalar va harbiy qismlarda harbiy-vatanparvarlik tarbiyasiga doir ishlar tizimli ravishda olib borilmoqda.

Prezidentimizning 2017-yil 5-iyuldagi “Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi farmonida belgilangan vazifalar yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash ishlarini yanada kuchaytirishda muhim asos bo‘lib xizmat qilmoqda. Farmonga muvofiq barcha harbiy litseylarga “Temurbeklar maktabi” nomi berildi.

“Temurbeklar maktabi” bilan hamkorlikda ko‘plab ishlar amalga oshirilmoqda. Kasb-hunar kollejlari, akademik litseylar, umumiy o‘rta ta’lim maktablari va maktabgacha ta’lim muassasalarida harbiy-vatanparvarlikka oid turli harbiy-sport musobaqalari tashkil etilmoqda. Bunday tadbirlar mahallalardagi uyushmagan yoshlarni ham harbiy-sport musobaqalariga qamrab olmoqda. Ular terma jamoalar tarkibida ishtirok etib, katta yutuqlarga erishayapti. Natijada yoshlar o‘rtasidagi jinoyatchilik keskin kamayayotgani kuzatilmoqda.

Poytaxtimizdagi “Bunyodkor” stadionida uch mingga yaqin o‘quvchi, yuzga yaqin harbiy xizmatchi, qariyb 400 nafar mahalla yoshlari ishtirokida “Shunqorlar” harbiy-sport musobaqasi o‘tkazildi. Bu jarayonda Toshkent shahridagi uyushmagan yoshlar birlashtirildi, ishsiz bo‘lgan zaxiradagi ofitserlar o‘quv muassasalar faoliyati bilan yaqindan tanishdi, “Chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik” fanini takomillashtirish borasida maqsadli ishlar amalga oshirildi.

Mazkur musobaqa natijasida o‘quvchilarning oliy harbiy bilim yurtlariga o‘qishga kirish istagi ortib bormoqda. Joriy yil tumandan 51 nafar nomzod oliy harbiy bilim yurtiga kirish uchun Mudofaa ishlari bo‘limiga murojaat qildi. Bu rejadagidan 3 baravar ortiq demakdir.

Shiddat bilan o‘zgarib borayotgan bugungi davrda “Shunqorlar” harbiy-sport musobaqalarining tuman, shahar, viloyat va respublika bosqichlarini o‘tkazishni yanada takomillashtirish, sifat jihatdan yaxshilash, jamoalar safini yanada kengaytirishga ehtiyoj tug‘ilmoqda. Bu borada xalqaro aloqalarni yo‘lga qo‘yish maqsadida Markaziy Osiyo, Osiyo va jahon miqyosidagi musobaqalarni tashkil etish, ularda yoshlarimizning ishtirokini ta’minlash dolzarb vazifalardan hisoblanadi.

Shunday tadbirlarni amalga oshirish harbiy-vatanparvarlik tarbiyasida yangi bosqichni boshlab beradi. Ayniqsa, musobaqaning Markaziy Osiyo davlatlari miqyosida o‘tkazilish
i mintaqamiz yoshlarini bir-biriga yaqinlashtiradi, do‘stlik-birodarlik, mehr-oqibat rishtalarini kuchaytiradi. Yoshlarimiz uchun qo‘shni davlatlarning harbiy-vatanparvarlik tarbiyasi va harbiy-sport vositalaridan xabardor bo‘lish, o‘zaro tajriba almashish imkoniyatini yaratadi.

Sherzod Hikmatov,
Toshkent shahar Chilonzor tumani Mudofaa ishlari bo‘limi chaqiriluvchilarni harbiy xizmatga tayyorlash bo‘linmasi boshlig‘i.

 

O‘zA