Shu paytga qadar elektr energiyasi va tabiiy gazni hisobga olish uskunalari har 4 yilda davlat ko‘rigidan o‘tkazib kelinardi. Endilikda bu jarayon elektr energiyasi va tabiiy gaz iste’molini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish loyihasi doirasida o‘rnatiladigan hisoblagichlar uchun “O‘zstandart” agentligi tomonidan 10 yilda amalga oshiriladi. Bunda hisobga olish uskunalarini davlat ko‘rigiga topshirish bo‘yicha ishlarni tashkil etish “O‘zbekenergo” AJ, “O‘ztransgaz” AJ va Majburiy ijro byurosi tomonidan ta’minlanadi. Shuningdek, iste’molchidan davlat ko‘rigini amalga oshirish, xizmat ko‘rsatish va boshqa ishlarni o‘tkazish uchun yechib olingan hisobga olish uskunasining o‘rniga zudlik bilan “O‘zbekenergo” va “O‘ztransgaz” mablag‘lari hisobidan boshqa uskuna o‘rnatiladi.

O‘zA muxbiri mazkur jarayondagi asosiy yangiliklardan aholini xabardor qilish maqsadida mutaxassislarga murojaat qildi.

Samandar Qorayev, “O‘zbekenergo” mutaxassisi:

– Prezident qaroriga muvofiq Fransiyaning “Sagemcom” kompaniyasi va “Toshelektroapparat” MChJ tomonidan ishlab chiqarilgan zamonaviy elektr energiyasini hisobga olish uskunalari “O‘zbekenergo” tomonidan o‘rnatiladi. Amaldagi hisoblagichlar elektr energiyasi iste’molini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimiga ulanish uchun mos kelsa, foydalanish uchun yaroqli hisoblanadi. Aksincha, ular o‘rniga yangi hisoblagichlar o‘rnatiladi. Umuman, eski hisoblagichlarni yangilariga to‘liq almashtirish muddati 2021-yil oxiriga belgilangan. Dastlab Toshkent shahri, viloyatlar markazlarida, keyingi bosqichda boshqa shahar va qishloq hududlari qamrab olinadi.

Behzod Berdiyev, “O‘ztransgaz” axborot xizmati boshlig‘i:

– Elektr energiyasi va tabiiy gaz nazorati va hisobining avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish yuzasidan takliflar tayyorlash bo‘yicha Ishchi komissiya hozirgi kunda Fransiya va Germaniyaning yetakchi kompaniyalari, “Toshelektroapparat” MChJ bilan muzokara olib bormoqda. Zamonaviy gaz hisoblagichlar o‘rnatish muddati 3 yilga mo‘ljallangan. Bu jarayon 3 bosqichda amalga oshiriladi. Birinchi bosqichda 28 shahar, Toshkent viloyatining Zangiota, Toshkent, Qibray va Yangiyo‘l tumanlaridagi xonadonlarga 1 milliondan ortiq uskuna o‘rnatiladi. Keyingi bosqichlarda mamlakat gaz ta’minoti tuman (shahar) filiallariga qarashli aholi xonadonlari qamrab olinadi. Rejaga ko‘ra, zamonaviy gaz hisoblagichlari aholi xonadonlariga “O‘ztransgaz” tomonidan o‘rnatiladi.

 

Ulug‘bek Asrorov, O‘zA