Qoraqalpog‘istonlik fuqaro Beruniydan Toshkentgacha piyoda kelmoqchi

1200 km.ni — Beruniydan Toshkentgacha bo‘lgan masofani piyoda bosmoqchi bo‘lgan yurtdoshimiz bor 

Beruniy tumani fuqarosi Ravshan Yaxshimurodov Birinchi Prezidentimiz Islom Abdug‘aniyevich Karimovning xotirasiga bag‘ishlab Beruniy tumanidan Toshkent shahrigacha piyoda yurib bormoqchi ekanini ma’lum qildi.

– Buyuk insonning xotirasi uchun 1200 km yo‘lni piyoda bosib o‘tish g‘oyasi paydo bo‘lganiga ancha bo‘ldi, – deydi R.Yaxshimurodov. – Beruniy qishloq xo‘jalik kasb-hunar kollejida texnik xodim bo‘lib ishlayman. Birinchi Prezidentimizning barcha asarlarini o‘qib chiqqanman. Agar ushbu niyatim amalga oshsa, yo‘l-yo‘lakay ko‘rgan-kechirganlarimni kitob qilib yozish niyatidaman. Men Beruniydan Toshkent shahrigacha piyoda borishga tayyorman.

Eslatib o‘tamiz, 2016-yil sentabr oyida namanganlik Husan Xodjiboyev Birinchi Prezidentimizning qabrigacha velosipedda borib, ziyorat qilib kelgandi. O‘shanda Husan Xodjiboyev velosiped bilan Namangandan Samarqandgacha 500 km. masofani bosib o‘tgandi.
Piyoda ziyorat qilish borasida gap ketganda, qoraqalpog‘istonlik Narimbet Otambetovni ham ta’kidlab o‘tish joiz. U Qoraqalpog‘istondan Makkagacha haj ziyoratiga piyoda borib kelgan. Bu haqda keyinroq batafsil ma’lumot berib o‘tamiz.

Saytimizni kuzatib boring…

 

Moldir Igilikova, Qoraqalpog‘iston axborot agentligi muxbiri