“Zamin” xalqaro jamoat fondiga nodavlat notijorat tashkiloti sifatida O‘zbekistonda asos solingan.

Fondning maqsadi — mamlakatning barqaror rivojlanishiga hissa qo‘shish va aholi turmush darajasini oshirishdan iborat. Jismoniy va yuridik shaxslarning xayriya badallari, shuningdek, xalqaro tashkilotlarning grantlari Fond mablag‘ini shakllantirishning asosiy manbalari hisoblanadi.

Fond atrof-muhitni muhofaza qilish, eshitish qobiliyatida nuqsoni bo‘lgan bolalar ta’limini rivojlantirish, shuningdek, ijtimoiy sohaga innovatsion texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha qator loyihalarni amalga oshirishni rejalashtirgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda «Zamin» fondi Vasiylik kengashi raisi nomidan soxta akkauntlar ochilib, xayriya va mukofot pullari tarqatilishi haqida yolg‘on axborotlar tarqatilmoqda va ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Qayd etilishicha, mazkur xabarlar haqiqatga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi va bu ma’lumot «feyk» xabar hisoblanadi.

«Zamin» fondi loyihalari haqida uning veb-saytida hamda ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalari orqali batafsil yoritib boriladi.

Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, fond faoliyati haqida batafsil ma’lumotni www.zaminfoundation.ngo rasmiy veb-saytidan olish mumkin, deyiladi fond xabarida.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA