O‘zbekistonda barcha millat va elatlarning an’anaviy madaniy merosini qayta tiklash va rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish masalasi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi.

Eng avvalo, mamlakatimiz Konstitutsiyasining 4–moddasida O‘zbekiston Respublikasi o‘z hududida istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlarning tillari, urf–odatlari va an’analari hurmat qilinishini ta’minlashi, ularning rivojlanishi uchun sharoit yaratishi qayd etilgan. Shuningdek, Bosh Qomusimizning 18–moddasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega bo‘lib, jinsi, irqi, millati, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar, qonun oldida tengdir, – degan qoida xalqimizga xos bo‘lgan ezgu fazilat bo‘lgan bag‘rikenglikning zamonaviy siyosiy-huquqiy ifodasidir.

Ta’kidlash joizki, mustaqillik yillarida mamlakatimizda barcha fuqarolarning madaniy va diniy o‘ziga xosligini ta’minlashga, turli-tuman madaniyatlar hamda tillarni saqlash va rivojlantirishga qaratilgan muhim qonun hujjatlari qabul qilindi. Bundan tashqari, O‘zbekiston hududida istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlarning madaniyati, tili, urf-odat va an’analari hurmat qilinishi bir qator qonun hujjatlarida ham aks ettirilgan. Masalan, “Ta’lim to‘g‘risida” gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 4–moddasida har kimga uning jinsi, tili, yoshi, irqiy, milliy mansubligi, e’tiqodi, dinga munosabati, ijtimoiy kelib chiqishi, xizmat turi, ijtimoiy mavqei, turar joyi, O‘zbekiston Respublikasi hududida qancha vaqt yashayotganligidan qat’iy nazar, bilim olishda teng huquqlar kafolatlanishi alohida qayd etilgan.

Davlatimiz rahbari tomonidan joriy yilning 28 yanvar kuni qabul qilingan “2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekiston Respublikasinining taraqqiyot strategiyasi” da bu masalalarning alohida band sifatida o‘rin olishi, yurtimizda diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlikni ta’minlashga qaratilgan ishlarni kelajakda yanayam yuksak pag‘onaga ko‘tarilishidan dalolatdir.

Prezidentimiz tashabbusi bilan yurtimizda 30 iyul –Xalqlar Do‘stligi kuni deb belgilandi. Bu kunda yurtimizdagi barcha elat va millatlar vakillari bir-birlariga do‘stlik, hamjixatlik taklif qiladi, o‘zaro tinch-totuvlik, yaxshi qo‘shnichilik va millatlararo totuvlik an’analarini targ‘ib etadi, umumbashariy qadriyatlar ulug‘lanadi.

O‘zbekiston Baynalmilal markazining tashkil topganiga 25 yil to‘lishi munosabati bilan Qoraqalpog‘istonda faoliyati olib borayotgan bir qator milliy madaniy markaz xodimlari davlatimizning yuksak orden va medallari bilan taqdirlandi. Shular qatorida, Ukrain milliy-madaniy markazi direktori Mironets Olga Artyomovnaning “Shuxrat” medali bilan, shuningdek, Turkman milliy-madaniy markazi faoli Arazmuxammed Abayevning “Do‘stlik” ordeni bilan, 2021 yilda Qozoq milliy-madaniy markazi rahbari J.Darmenovning “Qoraqalpog‘istonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi” kabi davlat mukofoti bilan taqdirlangani davlatimizning ayni sohada samarali faoliyat olib borayotgan xodimlarning samarali faolitiga hurmat ramzidir.

bugungi kunda yurtimizda 136 millat, 16 diniy konfessiya vakillari yagona¬ oila farzandlaridek yashab, mehnat qilmoqda. Ular respublikamizning barcha fuqarolari qatori bir xil huquq va majburiyatlarga ega bo‘lib, qonunlarda belgilab qo‘yilgan huquq va erkinliklari, manfaatlari to‘liq ta’minlangan, ta’lim olishlari, mehnat qilishlari uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Umumiy o‘rta ta’lim maktablarida o‘zbek, qoraqalpoq, rus, qirg‘iz, turkman, qozoq, tojik tillarida bilim berilayotgani, bir qancha oliy o‘quv yurtlarida esa rus, qozoq, qirg‘iz va boshqa tillarda dars beriladigan bo‘limlarning mavjudligi, ular uchun darslik va qo‘llanmalar mamlakatimizning o‘zida tayyorlanib, chop etilayotgani fikrimizning isbotidir.

Bugun yurtimizda turli millat va elat vakillari teng huquqlilik hamda o‘zaro hamjihatlik sharoitida yashab, Vatanimizni yanada ravnaq toptirish yo‘lida samarali mehnat qilmoqda. Bundan tashqari, yurtimizda ta’lim tizimi 7 tilda olib boriladi, gazeta va jurnallar 8 tilda, teledasturlar 11 tilda, radiodasturlar esa 12 tilda tayyorlanib efirga uzatilayotganligi barcha millat vakillarining davlat boshqaruvi, ijtimoiy-iqtisodiy hamda madaniy jarayonlarda erkin ishtirok etishining dalilidir.

Biz faoliyat yuritayotgan qoraqalpoq diyoridagi salkam 90 yillik tarixga ega bo‘lgan, Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutimizda bugungi kunda 16678 nafar talaba tahsil olmoqda. Ta’lim 5 ta tilda tashkil etilgan bu ulug‘ dargohda qoraqalpoq, o‘zbek millatidan tashqari, qozoq, turkman, rus, koreys, qirg‘iz, ozarbayjon, boshqird, uyg‘ur va tatar kabi jami 11 millatga mansub talabalar bir oila farzandlaridek, ahil va inoq tahsil olmoqda. Nafaqat institutda, balki respublika miqiyosida o‘tkazilayotgan jamoaviy tadbirlarda ishtirok etib, sovrinli yutuqlarni qo‘lga kiritib kelmoqda. Ayni holat ham bevosita Mustaqilligimizning ko‘p millatli xalqimizga bergan buyuk in’omidir.

Tarixdan ma’lumki, Ona-Vatanni sevish, unga mehr berish, uni ko‘z qorachig‘iday asrab avaylash azal-azaldan ota-bobolarimizdan bizga meros bo‘lib, qon-qonimizga singib ketgan muqaddas tuyg‘udir. Shuning uchun ham barchamiz uchun umumiy bo‘lgan afsona va rivoyatlar, ertak va hikoyalar, roman va dostonlar qaysi tilda yoki qaysi millat vakili qalamiga mansub bo‘lishidan qatiy nazar o‘quvchilar uni tushunib va sevib o‘qiydi. Birgina Alpomish, Qirqqiz, yoki Go‘rүg‘li turkumiga kiruvchi dostonlarni olaylik. Bu o‘lmas asarlarlar qaysi tilda yozilishidan qat’i nazar bular barchamizniki, chunki bu asarlarda g‘oya, maqsad, oxirida provard natija hammamizni yagona Vatan degan bir nuqtaga birlashtiradi. Shuning uchun ham maqsad bir, g‘oya bir, Vatan tanhodir.

Haqiqatdan ham o‘tgan davr mobaynida xalqimizning bu borada erishgan yutuqlariga havas qiladiganlar ko‘p, lekin hasad ko‘zi bilan qarab, atayin tinchlik-osoyishtaligimizga raxna solish istagidagilar ham yo‘q emas. Shunday ekan, muhtaram Prezidentimiz ko‘p bor ta’kidlaganidek, bu masalada doimo hushyor bo‘lishimiz, yurtimizdagi tinchlik va barqarorlikni ko‘z qorachig‘idek saqlashimiz barchamizning muqaddas burchimizdir.

Quvondiq QODIROV,
Nukus DPI Yoshlar masalalari va
ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori.
Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA