“Aholi roziligi bizning faoliyatimizga berilgan eng oliy bahodir” deb yurtboshimiz ta’kidlaganidek, har bir jabhada ularning farovonligi, yaxshi yashashi uchun harakatlar ko‘zga tashlanmoqda. Bu borada mamlakatimizning chekka hududida joylashgan “Qo‘ng‘irot soda zavodi” mas’uliyati cheklangan jamiyati qo‘shma korxonasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.

Zavod rahbariyati va kasaba uyushmasi tomonidan tadbir uyushtirilib, jamoaning ishlab-chiqarish va jamoatchilik ishlarida faol qatnashayotgan 30 nafar ayolga “Faxriy yorliq” va bayram sovg‘alari, korxona xotin-qizlari orasida o‘tkazilgan sport musobaqalari g‘olibi bo‘lgan 18 nafar ayolga qimmatbaho sovg‘alar tantanali ravishda topshirildi. Ko‘p yillardan buyon mehnat qilib kelayotgan ikki nafar onaxonga bayram sovg‘asi topshirilib, nafaqaga munosib kuzatildi. Bayram konsert dasturi namoyish etildi.

Xotin-qizlarning bo‘sh vaqtini maroqli o‘tkazishlari uchun korxona hisobidan 25 nafariga Xo‘jayli tumanidagi “Nazlimxon suluv” ziyoratgohiga, Nukus shahridagi I.V. Savitskiy nomidagi san’at muzeyiga, Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqa teatriga olib borildi. Ishchi-xodimlarning dam olish kunlarini maroqdi o‘tkazish maqsadida korxona xodimlari uchun Samarqand shahriga sayohat tashkil etildi. Ular uch kun davomida Mirzo Ulug‘bek rasadxonasi, Xo‘ja Doniyor maqbarasi, Shohi zinda maqbarasi, Hazrat Hizr majmuasi, Amir Temur maqbarasi, “Registon” maydonini ziyorat qildi.

Ishchi-xodimlar o‘rtasida sportni rivojlantirishga katta ahamiyat berilmoqda. Jumladan, tuman miqyosida o‘tkazilib kelinayotgan turli musobaqalarda korxona jamoasi ham faol ishtirok etib, sovrinli o‘rinlarni egallamoqda. Yaqinda futbol bo‘yicha O‘zbekston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati raisi kubogi uchun tuman miqyosida o‘tkazilgan musobaqada “Elobod” shaharcha fuqarolar yig‘ini jamoasi birinchi o‘rinni egallab, Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichiga yo‘llanma oldi.

Mehnatsevar xodimlar va ularning oila a’zolarining madaniy dam olishi uchun korxona rahbariyati va kasaba uyushmasi qo‘mitasi tomonidan yoshlarni Vatanga sodiqlik, Qurolli kuchlar safida xizmat kilish tuyg‘usini uyg‘otish, Vatanga bo‘lgan muhabbatini orttirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi madaniyat saroyi ashula va raqs ansamblining konsert dasturi namoyish etildi. Unda 300 nafar korxona xodimi va ularning oila a’zolari ishtirok etdi. Dastur mehmonlari xalqimizning sevimli sanatkorlari va so‘z ustalari o‘zlarining chiqishlari bilan tomoshabinlarga zavq bag‘ishladi.

Ramazon hayiti bayrami munosabati bilan zavod rahbariyati va kasaba uyushmasi tomonidan ehtiyojmand, nogironligi bor bo‘lgan oilalar holidan xabar olindi. Bayram munosabati bilan korxonaning 30 nafar xodimining Toshkent shahriga sayohati tashkil etildi.

Tinch yurtga bayramlar yarashadi. Hamisha har kunimiz bayramdek o‘tishini, xalqimizning farovonligi yo‘lida xizmat qilishni o‘zlariga shior qilgan “Qo‘ng‘irot soda zavodi” korxona rahbariyati tomonidan ishchi-xodimlar va ularning oila a’zolari ijtimoiy muhofazasi doimiy e’tiborda bo‘lib qelmoqda.

Dovud ABIBULLAEV,

O‘zA muxbiri