Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Qoraqalpog‘istonda keng ko‘lamli hayotbaxsh islohotlarni amalga oshirishga kirishildi. Hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi turmush farovonligini yaxshilash maqsadida ezgu tashabbuslar ro‘yobga chiqarilmoqda.

Bunday yangilanish va o‘zgarishlar zamirida “Odamlar ertaga, uzoq kelajakda emas, bugun baxtli yashashi kerak” degan xayrli maqsad mujassamdir. Bu – hayotning har bir jabhasida istiqbolli loyiha va dasturlarni amalga oshirish, eng asosiysi, qoraqalpoq ahlining hayotga va ertangi kunga bo‘lgan ishonchi, dunyoqarashini o‘zgartirishni ham nazarda tutadi.

2021 yilning dekabrida Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov boshchiligidagi viloyat mutasaddilari Bo‘zatov tumanida bo‘lib, bu yerda farg‘onaliklar tomonidan qishloq xo‘jaligi, sanoat, xizmat ko‘rsatish sohalari, aholi turmush farovonligini yuksaltirish borasida olib borilishi rejalashtirilayotgan ishlarni kelishib oldilar.

Afsuski, tabiat qonunlariga zid tarzda Amudaryo va Sirdaryo suvining sun’iy ravishda cho‘llarga burilib, paxta maydonlarining ko‘paytirilishi og‘ir ekologik halokatga zamin yaratdi. Mintaqada cho‘llanish va sho‘rlanish darajasi keskin ortdi. Bir paytlar hayot qaynagan, chorvachilik, dehqonchilik, baliqchilik, sholichilikka ixtisoslashgan hududular aholisining turmushi og‘irlashdi.

Ayni paytda tumanda 198 ming gektar yer mavjud bo‘lib, uning 15 ming gektari sug‘oriladigan yer hisoblanadi. Atigi 1,5 ming gektar yerda dehqonchilik qilinadi. Suv, ishchi kuchi va boshqa resurslar yetishmasligi tufayli yerlar foydalanishdan chiqib ketgan. Ulkan maydonlarni yovvoyi o‘t bosib yotibdi.

Tumanda deyarli sanoat korxonalari yo‘q. 75 ming gektar yer chorva yaylovlari uchun ajratilgan. Yerni yovvoyi o‘tlardan tozalash, yaxshi hosil olish mumkin. Buning uchun suv, mablag‘, eng asosiysi, astoydil mehnat qilish kerak. Shu bois Farg‘ona viloyatining Bo‘zatov tumaniga otaliq yordami bo‘yicha keng ko‘lamli sa’y-harakatlar boshlandi.

– Farg‘ona viloyati hokimining 2021 yil 4 dekabrdagi qarori bilan Bo‘zatov tumanida doimiy faoliyat olib boradigan “Farg‘ona – Bo‘zatov tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash” direksiyasi tashkil etildi, – deydi direksiya direktori Akmalxo‘ja Saidov. – Direksiyaga bino-inshoot sotib olish, ta’mirlash va jihozlash uchun viloyat mahalliy byudjetidan 3,1 milliard so‘m mablag‘ ajratildi.

2022 yilgi Investitsiya dasturi doirasida tumanda qiymati 519,9 milliard so‘mlik 36 ta loyiha amalga oshirilib, 1609 ta ish o‘rni yaratiladi. Xususan, sanoat yo‘nalishida 178,9 milliard so‘mlik 8 ta loyiha, xizmat ko‘rsatish sohasida 15,6 milliard so‘mlik 23 ta loyiha, qishloq xo‘jaligida 320,2 milliard so‘mlik 23 ta loyiha hayotga tatbiq etilishi rejalashtirilgan.

Natijada 179,4 milliard so‘mlik ishlab chiqarish quvvati yaratiladi, 14,6 milliard so‘m miqdorida eksport amalga oshiriladi, mahalliy byudjetga 11,6 milliard so‘m tushum tushishi ta’minlanadi.

O‘tgan qisqa fursatda tumanda “Yashil makon” loyihasi bo‘yicha 270 ming tup mevali va manzarali daraxt ekildi, 510 ta xonadon ta’mirlanib, obodonlashtirildi. 500 ta xonadonga 50 ming tup mevali ko‘chat ekib berildi, 185 ta xonadonga kichik, 8 ta oila uchun 24×8 hajmda issiqxonalar qurildi. 20 ta xonadon oldidagi bo‘sh turgan yerga Oltiariq tajribasi asosida uzum qalamchalari ekilib, 14 ta uy oldida so‘ritok qilindi. 200 ta oilaga 5 mingga yaqin kurka va tovuq, 60 ta oilaga quyon, 150 ta oilaga 300 bosh qo‘y va echki tarqatildi.

Parrandachilikni rivojlantirish maqsadida 7 ta xonadonga 500 bosh jo‘ja boqish imkonini beruvchi inkubatoriyalar berilib, naslli jo‘ja olish faoliyati yo‘lga qo‘yildi. 2,6 kilometr yo‘l tekislanib, shag‘al yotqizildi. 1 kilometr elektr tarmog‘i yangilandi, 2 ta tik quduq qazilib, ichimlik suvi chiqarildi.

Shuningdek, 500 ta oilaga moddiy yordam ko‘rsatilib, 500 nafar ishsiz aholining bandligi ta’minlandi.

2021 yilning sentyabr oyida davlat rahbari saylovoldi uchrashuvi doirasida Bo‘zatovga tashrif buyurdi. Qoraqalpoq zaminiga bu galgi tashrif chog‘ida yana bir bor odamlarning dardu hasratini eshitdi. Samimiy muloqotda muammolarga birgalikda yechim topishga maslahatlashib olindi.

Yurtboshimiz yuzma-yuz muloqotda: “Daraxtlarning sog‘lomligi uning barglaridan bilinadi. Bo‘zatovning yeri toza, tuprog‘i unumdor, dorisi yo‘q. Bo‘zatov – Qoraqalpog‘istonning Shveysariyasi. Mana shu Shveysariyaga munosib bo‘lish kerak” deya ta’kidlagan edi.

– Prezidentimiz saylovoldi uchrashuvida Bo‘zatovda keng ko‘lamli yangilanishlar, bunyodkorlik ishlarini amalga oshirishda bir o‘zinglar qiynalasizlar, sizlarga Farg‘ona tajribasi kerak, deya ta’kidlagan edi, – deydi Bo‘zatov tumani mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari O‘rinboy Qudaynazarov. – Shundan so‘ng Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov Bo‘zatovga kelgach, ertangi kun istiqboli yo‘lida hamkorlik rejalari belgilab olindi. Hozirgi kunda tumanimiz Farg‘ona viloyatiga biriktirilib, hududni rivojlantirish uchun birgalikda harakat qilinayotgani halqimizni behad quvontirmoqda.

Aslida keyingi ikki yilda Bo‘zatov odamlarning ko‘z o‘ngida zamonaviy qiyofaga ega bo‘ldi. Tuman markazida Yoshlar markazi, markaziy futbol stadioni, ming o‘rinli madaniyat markazi qad rostladi. Yangidan qurilgan amfiteatr binosida madaniy xizmat ko‘rsatish hamda ommaviy bayramlar, ko‘ngilochar tadbirlar o‘tkazilyapti. Berdaq bog‘i va uning yonida innovatsion usulda barpo etilgan Yoshlar bog‘i tuman markazi ko‘rkiga ko‘rk bo‘lib qo‘shildi. Moliya, g‘aznachilik va pensiya jamg‘armalari bo‘limlari, Bandlikka ko‘maklashish markazi, Davlat xizmatlari markazi binolari yangidan qurildi. Yaqinda noan’anaviy uslubda qurilgan “Hunarmandlar alleyasi”, ikki qavatli 120 o‘ringa mo‘ljallangan maktabgacha ta’lim tashkiloti, bolalar-o‘smirlar sport maktabi foydlanishga topshirildi.

Bo‘zatov tumani obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i Qayrat Polibekovning ma’lum qilishicha, bugungi kunda hududda ekoturistik marshrutlarni ko‘paytirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqilgan. Shu maqsadda chinor, mirzaterak, oq terak, oq va qora tol, jiyda daraxtlari alleyalari tashkil etilyapti. Farg‘ona viloyatining Quva tumani tajribasi asosida noyob manzarali va mevali daraxtlar ekilmoqda.

Cho‘l havosi juda injiq. Ertalab shamol chang-to‘zon ko‘tarilib, tushlikda quyosh ajib jilva qiladi, kechga borib sharros yomg‘ir quyishi mumkin. Yovvoyi to‘qayzorlar atrofida yangi yerlar o‘zlashtirilar ekan, odam bo‘yi o‘sib ketgan yulg‘inlar, saksovullar uzoq yillik sukunat olami buzilayotganidan bezovta to‘lg‘onadi. Qirg‘ovullar samoda charx urib qadrdon makonini himoya qilishga urinadi. Chiyabo‘ri, tulki, ilonlar odam isini sezib, uzoqdan uning xatti-harakatini sinchkovlik bilan kuzatadi.

– Suv – Bo‘zatovda hayot-mamot masalasi, – deydi Farg‘ona viloyatidan biriktirilgan vakil – “Sirdaryo-So‘x” irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi mutaxassisi G‘ayratjon Rustamov. – Chunki tumanning yerlariga Amudaryodan navbati bilan suv olinadi. Bo‘zatovning aksariyat hududlari yeri ikki-uch tumandan o‘tib keluvchi suv bilan sug‘oriladi. Behalovat kunlar, uyqusiz tunlar har qanday odamning tinka-madorini quritadi. Lekin ishonch, mas’uliyat har kuni yangi kuch topib, tinimsiz mehnat qilishga undamoqda.

“Ramz Bo‘zatov bog‘i” MCHJ tomonidan 407 gektar yer o‘zlashtirilishi rejalashtirilgan bo‘lib, tinimsiz mehnat tufayli ikki yarim-uch oyda 305 gektari o‘zlashtirildi. Qor-qirovli kunlar, tunda ham Farg‘onadan olib kelingan 4 ta yuqori unumli texnika tinim bilmay ishladi.

Farg‘ona viloyati mahalliy byudjeti mablag‘i hisobidan 35 kilometr masofadan suv olib kelindi. Buning uchun o‘n yillar davomida foydalanilmay yotgan ariqlar tozalandi. Shu kunlarda 30 gektar yer sug‘orilib, makkajo‘xori ekishga tayyorlandi.

Germaniyadan 80 million so‘mlik serhosil makkajo‘xori urug‘i olib kelindi. Shuningdek, yangi o‘zlashtirilgan yerlarga soya, kartoshka ekish rejalashtirilyapti.

“Ramz Bo‘zatov bog‘i” MCHJ rahbari Ramzbek Raimov va irrigatsiya sohasida tajribali mutaxassis G‘ayratjon Rustamov shu yerda tanishib, qiyinchiliklarda birgalikda toblanishdi, qadrdon do‘st tutinishdi. Ikkovlonni suhbatga chorlasangiz, kechalari boshlariga tunchiroqni qo‘ndirib, telefon orqali o‘zaro gaplashib, uzoq masofalardan obi hayot manbai bo‘lgan suv olib kelishganini o‘zgacha maroq bilan so‘zlab berishadi.

– Yerlarni ekin ekishga tayyorlashda lazerli tekislash qurilmasidan foydalanyapmiz, bu suvdan oqilona foydalanish va xarajatni tejash imkonini beradi, – deydi “Ramz Bo‘zatov bog‘i” MCHJ rahbari Ramzbek Raimov. – Buning uchun yuqori unumli texnikada barcha jarayon kompyuterlashtirilgan. Traktor kabinasi yozda salqin, qishda issiq. Mexanizator yumushlarni hech bir qiyinchiliksiz bajaradi.

Yaxshi niyat bilan suv bo‘ylariga Farg‘onadan tol novdalari olib kelib ekildi. Buni qarangki, tol novdalari barg yozib ko‘kardi. Yaqin kelajakda ushbu tollar soya-salqini, mayin shabodasida mumtoz qo‘shiqlar tinglab, dam olish, hordiq chiqarish mumkin bo‘ladi.

Farg‘ona viloyati hokimligi tashabbusi bilan olim va mutaxassislarga Bo‘zatov tumanida hudud tuprog‘iga mos navlar yaratish, paxta, soya, kartoshka, meva-sabzavotlardan mo‘l hosil olish, keyingi bosqichda chorvachilikni rivojlantirish bo‘yicha rejalar ishlab chiqildi.

Xalq deputatlari Bo‘zatov tumani Kengashi sessiyasida qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida 17 nafar tashabbuskorlar uchun talab etiladigan 3 ming 751 gektar yer maydoni ajratish ma’qullandi. Shu tariqa bu yil tumanda 1232 gektar yer o‘zlashtirish rejalashtirilgan. bugungi kungacha 1 ming 500 gektar yer (rejaga nisbatan 122 foiz) o‘zlashtirildi.

“Yaypan univer cluster” MCHJ paxtachilik klasteri tashkil etilib, tuman sessiyasida klaster mutaxassislari tanlagan 2057 yer maydoni ko‘rib chiqildi. Klaster korxonasi tomonidan hozirgi kunga qadar 1100 gektar yer o‘zlashtirilib, 60 gektariga chigit, 90 gektariga soya, 10 gektariga kartoshka ekildi.

– 2022 yilning yanvar oyida Ko‘ksheil hududidagi uzoq yillar foydalanishdan chiqib ketgan ushbu yerlar yulg‘unzor edi, – deydi klaster korxonasi ish boshqaruvchisi Qahramonjon Imomnazarov. – Farg‘onadan eng yuqori unumli yangi texnikalar olib kelinib, ish ikki smenada tashkil etildi.

Olimlar bilan maslahatlashib, ilmiy jihatlari o‘rganilgan holda tuproq-iqlim sharoitiga mos “S-4727” paxta navi tanlandi. Dastlabki hisob-kitoblarga qaraganda, mazkur navdan birinchi yilning o‘zida gektaridan o‘rtacha 32-35 sentner hosil olish mumkin. Asosiy maqsad – shu yilning o‘zida har gektar yerdan 40 sentnerdan sifatli hosil olishga qaratilgan.

Klaster korxonasida mahalliy aholi vakillari uchun hozircha 70 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Xo‘jaahmed Obutov Yerkindarya kasb-hunar kollejini tugatib, ish yo‘qligi bois Rossiyada ishlab yurardi. Bu yil xorijga ketishga ehtiyoj qolmadi. Shamshiddin Xo‘jamurotov ham Qozog‘istonda mavsumiy yumushlarda ishlab yurardi. Klaster tashkil etilgach, birinchilardan bo‘lib ishga kirdi.

– Astoydil qilingan mehnat samarasi sifatida ilk hosil nishonalari bo‘y ko‘rsatdi, – deya klaster korxonasi mutaxassisi Kozimjon Siddiqov bizni qo‘shni dala maydonlariga yetakladi. – “Santa” navli kartoshka, Toshkentdan keltirilgan soya urug‘ini ham benuqson undirib oldik. Tajriba tariqasida qovun ham ekib ko‘rmoqchimiz.

– Bo‘zatovga Farg‘ona havosi – “toza havo” kirib keldi, – deydi Bo‘zatov tumani mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash bo‘limi boshlig‘i Indira Polibekova. – Farg‘onacha tadbirkorlik, serharakat hayot tarzi eng o‘tkir muammolar – ishsizlik, kambag‘allikning kompleks yechimini ta’minlayapti. Tomorqa madaniyatini shakllantirmoqda.

“Kusxanatov” ovul fuqarolar yig‘inining bo‘sh turgan binosida Marg‘ilon shahri tajribasi asosida tikuvchilik sexi tashkil etildi. 10 ta zamonaviy tikuv mashinasi o‘rnatilib, 10 nafar xotin-qiz ish bilan ta’minlandi. Sexda bolalar va ayollar kiyimlari tikilyapti. Shu mahallada yashovchi usta-chevar Dilbar Nurlipesova o‘quv markazi faoliyatini yo‘lga qo‘ydi. Hozirgi kunda hudud yoshlari kasb-hunarga o‘qitilyapti.

Kusxanatov massivi Amudaryo etagida joylashgan. O‘n chaqirimdan ko‘proq masofada daryo sohili qoraqalpoq diyorining asriy qishloq va ovullariga rizq-nasiba ulashib, turli irmoqlarga bo‘linib oqadi.

Shu hududda Beshariq tumanidagi 4 ta g‘allachilik klasteri tomonidan 32 gektar yer qovun ekish uchun tayyorlandi. Qoraqalpoq diyorida joriy yilda qovun yetishtirish bo‘yicha o‘ziga xos tajriba o‘tkazilib, eksport imkoniyatlari o‘rganiladi.

Xulosa o‘rnida aytganda, bugun Bo‘zatovda yaratish va yashnatish, qurilish-bunyodkorlik ishlari avjida. Endilikda tuman ahli “Bizga bo‘laveradi!” qabilida umrguzaronlik qilish odatidan voz kechib, zamon bilan hamnafas bo‘lish, yangi ishtiyoq va ishonch bilan yashashga intilmoqda.

Bu – Bo‘zatovning ertangi kun istiqboli yo‘lida tashlanayotgan dadil qadamlardir.

Muhammadjon OBIDOV,

O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist.

O‘zA