Yevropa Ittifoqi delegatsiyasi va unga a’zo davlatlarning diplomatik vakolatxonalari rahbarlarining Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifi davom etmoqda. Delegatsiya a’zolarini Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi M.Kamalov qabul qildi.

Jo‘qorg‘i Kenges Raisi davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan Orol dengizi ekologik inqirozi oqibatlarini yumshatish, yashil o‘rmonzorlar va qoplamalar barpo etish, shuningdek O‘zbekistondagi BMT shafeligidagi Orolbo‘yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘psheriklik Trast fondi doirasida amalga oshirilayotgan loyihalarga to‘xtaldi.

Delegatsiya rahbari, Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Sharlotta Adrian xonim samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, ekologik inqiroz oqibatlarini yumshatish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga yuksak baho berdi. Ta’kidlanganidek, Yevropa Ittifoqi O‘zbekistonda falokat hududlarini reabilitatsiya qilishga yo‘naltirilgan qator tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlab keladi. Ular orasida O‘zbekiston hukumatining Orolqum cho‘li va Qoraqalpog‘istonning yaqin joylashgan aholi punktlarini mintaqaning iqlimiy sharoitlariga moslashtirilgan daraxtlarni ekish yo‘li bilan ko‘kalamzorlashtirish yuzasidan “My garden in the Aral Sea” (“Oroldagi bog‘im”) agro va ekoturizm loyihasi amalga oshirilmoqda.

Yevropa Ittifoqi va uning a’zo davlatlari O‘zbekistonni atrof-muhit degradatsiyasining oldini olish bo‘yicha barcha sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlaydi. YeI Orolbo‘yi mintaqasi uchun BMTning Orolbo‘yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘psheriklik Trast fondiga 5 milliondan ortiq yevro ajratdi, sahroga aylanayotgan yerni tiklash bo‘yicha xatti-harakatlarga ko‘mak sifatida shu yilning oxirigacha 27 ming tup daraxt ekish majburiyatini zimmasiga oladi. Bu esa hududda “yashil” investitsiyalar va eko-tizimning, Orol dengizi mintaqasida barqaror turmushning yaxshilanishi uchun imkoniyat yaratilishiga xizmat qiladi.

OAV vakillari uchun matbuot anjumani ham tashkil etildi. Yevropa Ittifoqi delegatsiyasi va unga a’zo davlatlarning diplomatik vakolatxonalari rahbarlari tashrifdan ko‘zlangan maqsad, kelgusidagi hamkorlik istiqbollari to‘g‘risida ma’lumot berdi. Anjuman yakunida ommaviy axborot vositalari vakillari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.

Delegatsiya a’zolari Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida, Taxtako‘pir tumanida bo‘lib, BMTning Orolbo‘yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘psheriklik Trast fondi doirasida amalga oshirilayotgan loyihalar bilan tanishdi.

Dovud Abibullayev,
Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA