Milliy kinologiya markazida “Xotira majmuasi” bunyod etildi

Milliy kinologiya markazida yaqinda “Xotira majmuasi” foydalanishga topshirildi.
Majmua ochilish marosimida Bojxona qo‘mitasi rahbariyati, markaz tashkil etilishida hissa qo‘shgan faxriylar, shaxsiy tarkib va marhum kinologlarning oila a’zolari ishtirok etdi.


Tadbirda Bojxona qo‘mitasi raisi A. Mavlonov so‘zga chiqib, so‘nggi yillarda Prezidentimiz tomonidan Bojxona tizimiga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor natijasida Milliy kinologiya markazida ham keng ko‘lamli qurilish va tizimli yangilanish ishlari amalga oshirilayotganini qayd etdi.


Jahon Bojxona tashkilotining mintaqaviy maqomiga ega ushbu markazda so‘nggi uch yil davomida Bojxona organlarining 460 nafar, huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralarning 210 nafar, shuningdek, xorijiy davlatlarning 50 nafar kinologlari ta’lim oldi.


Hozirda markaz Turkiya, Janubiy Koreya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Latviya, Litva, Buyuk Britaniya hamda Rossiya Bojxona organlarining kinologiya xizmatlari bilan yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan.
Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, Bojxona organlarida xizmat itlari yordamida 2023–2024 yillar hamda joriy yilning o‘tgan to‘qqiz oyida 10 tonnadan ziyod giyohvandlik vositalari va 44 kilogramm kuchli ta’sir qiruvchi moddalarning noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi.
Bu natijalarga erishishda Milliy kinologiya markazining faoliyati bilan bir qatorda, marhum kinologlarning ham munosib hissasi bor. Shu bois markaz hovlisida qad rostlagan “Xotira majmuasi” ularning xotirasini abadiylashtirish va ehtirom bilan yod etish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.

Marosimda ramziy tasma kesilib, majmua ochildi. Kinolog va uning sadoqatli iti aks etgan haykal poyasiga gulchambarlar qo‘yilib, marhum kinologlar xotirasiga hurmat bajo keltirildi.
Eslatib o‘tamiz, 24 oktyabr kuni Milliy kinologiya markazi tashkil etilganiga 29 yil to‘ladi. Shu munosabat bilan tadbir davomida bir guruh fidoyi xodimlar Bojxona qo‘mitasi raisi tomonidan faxriy yorliqlar va sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Tadbir ishtirokchilari markazning o‘quv-o‘rgatuv faoliyati, ixtisoslashtirilgan veterinariya xizmati, tug‘ruq kompleksi va “Kinologiya tarixi” muzeyi bilan yaqindan tanishishdi.
Malakali kinologlar va ularning xizmat itlari tomonidan namoyish etilgan amaliy mashg‘ulotlar hamda ko‘rgazmali chiqishlar mehmonlarda o‘ziga xos taassurot uyg‘otdi.
Sh. Mamaturopova, O‘zA