G‘arb davlatlari adolatli munosabat bildirgan taqdirda, Turkiya, Yevropa Ittifoqiga kirish uchun qo‘yilgan talablarga binoan, islohotni jadallashtiradi. Mamlakatning YeIdagi doimiy vakili Faruk Qaymoqchi shu haqda bayonot berdi.

– Eng muhimi, Turkiyaga boshqa nomzod davlatlar bilan teng munosabat bildirilmog‘i lozim, – dedi u Anadolu agentligiga. – Shart bajarilgan taqdirda, Anqara YeIga qo‘shilish uchun “islohotni tezlashtiradi”. Biz boshqa nomzodlardan ko‘ra, talab etilgan me’yorlarni tezroq amalga oshirishimiz mumkin. Turkiya YeIga kirish uchun eng muhim nomzod, ammo yevropalik siyosatchilar bunga e’tibor bermay kelyapti.

Diplomat ma’lum qilishicha, Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an 25-26 oktyabr kunlari Bryusselda o‘tadigan YeIning “Global portal” iqtisodiy tashabbuslar forumiga taklif qilingan. Anjuman Yevrokomissiya shafeligida o‘tkaziladi.