Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahri dunyoning eng kuchli shaxmatchilari ishtirokidagi jamoalar o‘rtasida o‘tkaziladigan “Global shaxmat ligasi”(GSHL) musobaqalariga mezbonlik qiladi.

Mazkur nufuzli turnir o‘tkazilishi oldidan dunyoning bir qator shaharlarida “Global shaxmat ligasi” taqdimotlari bo‘lib o‘tmoqda. Jumladan, shu kunlarda Nyu-York, London, Parij va Berlin shaharlarida shaxmat yulduzlari turniri, unda qatnashishga hozirlanayotgan shaxmatchilar to‘g‘risida taqdimot tadbirlari davom etmoqda.

Jahon shaxmatining eng nomdor vakillari qatnashadigan mazkur turnirda har bir jamoa 4 nafar erkak va 2 nafar ayol grossmeysterdan iborat etib belgilangan.

Joriy yilning 21 iyun kunidan boshlanadigan “Global shaxmat ligasi” turnirida mamlakatimizning ikki nafar iqtidorli shaxmatchisi ishtirok etadi.

Nodirbek Abdusattorov mazkur musobaqada Yan Nepomnyashiy (Rossiya), Timur Rajabov (Ozarbayjon), Tan Chjongyi (Xitoy), Nino Batsiashvili (Gruziya), Raunak Sadxvani (Hindiston)dan iborat “Balan Alaskan Knights“ jamoasi tarkibida harakatlansa, iste’dodli shaxmatchimiz Javohir Sindorov Maksim Vashe-Lagrav (Fransiya), Vidit Santosh Gudjrati (Hindiston), Aleksandr Grishuk (Rossiya), Koneru Xampi (Hindiston), Xarika Dronavalli (Hindiston) bilan “upGrad Mumba Masters” jamoasi tarkibida dona suradi.

“Global shaxmat ligasi” dunyodagi birinchi va eng yirik rasmiy turnir bo‘lib, unda jahon shaxmatining yorqin yulduzlari noyob jamoa formatida raqobatlashadi. GSHL bir jamoada o‘ynaydigan erkaklar va ayollar shaxmat chempionlarini namoyish etadi.

Jahon shaxmat ligasining birinchi bahslari 2 iyulgacha davom etadi. Birinchi mavsum bellashuvlarida oltita jamoa o‘nta aylanma o‘yin o‘tkazadi. Shundan so‘ng ikkita eng yaxshi jamoa o‘rtasida final bahsi bo‘lib o‘tdi.

 

T. Ro‘ziyev, O‘zA