O‘zbekiston nufuzli xalqaro tuzilma – Islom hamkorlik tashkiloti (IHT) bilan doimiy hamkorlik qilib kelmoqda. Hozirgi paytdagi o‘zaro munosabatlar esa mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarildi.

Bu Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva va mamlakatimizda amaliy tashrif bilan bo‘lib turgan Islom hamkorlik tashkiloti Bosh kotibi Husayn Ibrohim Toha uchrashuvida e’tirof etildi.

Muloqot chog‘ida ikki tomonlama aloqalarning bugungi holati hamda ularni barcha yo‘nalishlarda yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Tomonlar ta’lim, fan, innovatsiyalar, madaniyat va iqlim o‘zgarishi masalalarida IHTning doimiy qo‘mitalari hamda yordamchi tuzilmalari bilan hamkorlikni chuqurlashtirish yuzasidan fikr almashdi.

Husayn Ibrohim Toha “Xiva – 2024 yilda Islom dunyosining turizm poytaxti” xalqaro tadbiriga tayyorgarlik jarayonlarini yuqori baholadi. Bu, o‘z navbatida, Islom olami, uning ma’naviyati va madaniyatiga ulkan hissa qo‘shgan O‘zbekistondan yetishib chiqqan buyuk olimlarning ilmiy merosini yanada keng targ‘ib etishga xizmat qilishini ta’kidladi.

Uchrashuvda poytaxtimizda barpo etilayotgan Islom sivilizatsiyasi markazi va IHTning Istanbuldagi Islom tarixi, san’ati va madaniyati tadqiqotlari markazi  o‘rtasida yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga hamda boshqa yo‘nalishlarda aloqalarni mustahkamlashga kelishib olindi.

         N.Abduraimova, O‘zA